15:06 / 10.12.2020
4170

Xitoy iqlimni nazorat qilish dasturini kengaytirmoqchi

Xitoy hukumati o‘tgan hafta iqlimni nazorat qilish dasturini keskin kengaytirmoqchi ekanini ma'lum qildi. Yangi dasturga ko‘ra, 5,5 million kvadrat kilometrdan kattaroq hudud qamrab olinishi mo‘ljallangan. Bu Hindiston hududidan 1,5 barobar kattaroq degani.

Hukumat kengashi bayonotiga ko‘ra, Xitoy 2025 yilga borib fundamental tadqiqotlar va yuksak texnologiyaga asoslangan «rivojlangan iqlim nazorati tizimi»ga ega bo‘ladi.

Keyingi besh yillikda sun'iy yomg‘ir va qor yog‘adigan hudud 5,5 million kvadrat kilometrga yetadi, 580 000 kvadrat kilometrdan ortiq hudud esa do‘l yog‘ishidan himoyalangan texnologiyalarga ega bo‘ladi. Bayonotda, shuningdek, dastur qishloq xo‘jaligiga ko‘maklashish, o‘rmon va yaylovlardagi yong‘inlarga zudlik bilan chora ko‘rish, jazirama va qurg‘oqchilikka barham berishni ham nazarda tutishi aytilgan.

Xitoy qishloq xo‘jalik hududlarini muhofazalash maqsadida ob-havoni nazorat qilish va osmon musaffoligini ta'minlash yo‘lida anchadan buyon izlanishlar olib boradi. Jumladan, Pekin-2008 Olimpiada o‘yinlari arafasida havoni smogdan tozalash va kutilmagan yomg‘irlarning oldini olish uchun bulut «ekish» operatsiyasi o‘tkazilgandi. To‘g‘ri, o‘shanda nafaqat bulutlar «ekilgan», balki shahar yaqinidagi zavod-fabrikalar ham faoliyatini to‘xtatib turgandi.

Bulut ekish amaliyoti bir necha o‘n yildan buyon bor. Bu bulutlar ichiga kam miqdordagi kumush yodid moddasini juda ko‘p namlikni bulutlar ichiga yo‘naltirish deganidir. Bu holatda namlik zichlashadi va vazni og‘irlashib yerga yog‘adi.

AQSh Milliy fan jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan tadqiqot natijalari «atmosfera sharoitlari qulay bo‘lsa, bulut ekish qor yog‘ishini tezlashtirib berishi mumkin» ekanini ko‘rsatgan. Bu tadqiqot bulut ekish aniq natija berishini isbotladi.

Huanpida yomg‘ir yog‘dirish uchun bulut «ekish» operatsiyasi, 2011 yil may

Avvallari odatiy qorni sun'iy ravishda yog‘dirilganidan farqlash qiyin edi.

Bunday noaniqlik ham Xitoyni ushbu sohaga sarmoya kiritishdan qaytara olmadi: 2012 va 2017 yillar orasida Chin yurti iqlimni nazorat qilish bo‘yicha turli dasturlarga qariyb 1,5 milliard dollar mablag‘ sarfladi. «Sinxua» axborot agentli xabariga ko‘ra, iqlimni nazorat qilish o‘tgan yili Xitoyning muhim qishloq xo‘jalik hududi Shinjonda do‘lning zararlarini 70 foizga kamaytirishga yordam bergandi.

Boshqa mamlakatlar ham bulut ekishga sarmoya kiritib kelayotgan bo‘lsa-da, Xitoyning bu sohadagi urinishlari, ayniqsa, qo‘shni Hindistonni sergak torttirdi. Hindistonda qishloq xo‘jaligi musson mavsumlariga chambarchas bog‘liq va iqlim o‘zgarishi natijasida oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarib ketdi.

Rasmiy Pekinning iqlim nazorati borasidagi sa'y-harakatlari mahalliy xarakterga egadek ko‘rinsada, mutaxassislar Xitoy tashqarisida ham potensial xavfni ko‘rmoqda.

Tayvan milliy universiteti olimlarining fikricha, iqlimni nazorat qilishni to‘g‘ri koordinatsiya qilolmaslik qo‘shni davlatlardan yomg‘ir «o‘g‘irlashga» sabab bo‘lishi mumkin. Ular, shuningdek, «bahsli loyihalarni muvozanatga keltirib va tekshirib turuvchi tizim yo‘q»ligiga ishora qilgan.

Ba'zi ekspertlarning taxminicha, iqlimni nazorat qilishdagi muvaffaqiyat Xitoyni geoinjyeneriya borasida yirikroq loyihalarni amalga oshirishga undaydi. Lekin turli metodlar yordamida haroratni tushirishga urinish kabi sa'y-harakatlarning oqibatida ko‘zda tutilmagan natijalar chiqib qolishi mumkin.

«Tartibga solinmasa, bir davlatning urinishlari boshqa mamlakatlarga ta'sir qilishi mumkin», deydi hindistonlik olim, Karnatakadagi Manipal akademiyasi mutaxassisi Danasriy Jayaram.

Mavzuga oid
Top