08:44 / 18.03.2021
5284

«Zargarlik sohasi 95 foizi qora bozorda bo‘lgan, zargarga jinoyatchi sifatida qarab kelingan» - «O‘zbekzargarsanoati» vakili

Norasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 8 tonna qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari aylanmasi bor. Soha 95 foiz qora bozorda bo‘lgan. «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasi raisi o‘rinbosari zargarlik sanoatiga oid rasmiy statistika yo‘qligi sabablariga to‘xtaldi.

Joriy yilning 17 mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Mirahmedov nima sababdan zargarlik sohasiga oid statistikalar (zargarlik buyumlari yillik aylanmasi, eksportga oid ma'lumotlar va hokazo) mavjud emasligi sabablariga to‘xtaldi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Zargarlik sanoati 95 foiz qora bozorda bo‘lgani sababli rasmiy statistikani olish imkoniyati bo‘lmagan. Ikkilamchi resurslardan olib, norasmiy, taxminiy statistik baza bilan ishlaganmiz. Statistika bo‘lmasa, faoliyatimizni to‘g‘ri yurgiza olmaymiz. Baza bo‘lsa ham u yuzdan besh qism axborotni o‘z ichiga oladi. Endi umid qilamizki, 2021 yildan boshlab statistik baza to‘ldirilishni boshlaydi. Zargarlik sohasidagi haqiqiy sharoitning bir qismini ko‘rsak bo‘ladi.

Qimmatli metallardan yasalgan zargarlik buyumlarining O‘zbekistondagi aylanmasiga keladigan bo‘lsak, eng ko‘p taqinchoq sotiladigan payt nikoh jarayoni hisoblanadi. Kelin-kuyov o‘zaro tilla uzuklar almashadi, bu tilla uzuklar taxminan 2—4 yoki 4—6 gramm bo‘ladi. Nikohlar soni yiliga 300 mingdan oshiqroq. Shuni hisobga olib, 2 tonna tilla bor degan xulosaga kelganmiz, lekin bundan tashqari, boshqa hollarda ham odamlar tilla sotib oladi. Aholi soni va ayollar sonidan kelib chiqib, O‘zbekistonda yiliga taxminan 8 tonna qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari aylanmasi mavjud, degan taxminiy xulosa olganmiz. Bu norasmiy statistika va uni rasman tasdiqlash qiyin masala. Bundan tashqari, jahondagi xalqaro tahlil qiluvchilar ma'lumotiga ko‘ra, ularda yillik tilla aylanmasi 13—14 tonnagacha. Qancha tilla aylanmasi borligini o‘rganish davomida O‘zbekistonga Turkiya, Ozarboyjon, BAAdan noqonuniy tarzda kirib kelayotgan taqinchoqlarni ham o‘rgandik», — deydi u.

Unga ko‘ra, 2017 yilgacha zargarlik sanoatiga oid qonuniy normalar bo‘lmagani uchun zargarga jinoyatchi sifatida qaralgan.

«25 yil davomida zargarlar jinoyatchiga chiqarib qo‘yildi. Chunki ularda qonuniy tarafdan faoliyat olib borishga qonuniy asos bo‘lmagan. O‘sha paytda ham zargarlik uyushmasi bo‘lgan. Zargarlarga o‘zimizda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarini sotish huquqi berilmagan. Ular qora bozorda faoliyat olib borgan. 2017 yildan boshlab qimmatbaho metallarga xomashyo yoki tovar sifatida qarash paydo bo‘ldi, zargarlar faoliyatini qonuniylashtirish uchun asos yaratildi hamda xomashyo bilan ta'minlash qonuniylashtirildi. Lekin 25 yil ichida kaltak yeb yurgan zargarlarni ishontirish oson bo‘lmayapti», — deydi u.

O‘z navbatida, Statistika qo‘mitasi raisi Bahodir Begalov Kun.uz’ga zargarlik sanoatiga oid statistikalar 2021 yil oxiriga qadar e'lon qilinishini bildirdi.

Matbuot anjumanida «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasi a'zolariga «Hunarmand» uyushmasiga berilgan soliq imtiyozlari tatbiq etilishi ma'lum qilindi. Bundan tashqari, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar uchun nufuzli xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarning 50 foizi kompensatsiya ko‘rinishida qoplab berilishi aytildi.

Avvalroq, prezident «Zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda zargarlik buyumlarini elektron tijorat orqali sotishga ruxsat berildi.

Top