09:46 / 22.04.2021
32901

Dunyoning eng qimmat shahrida o‘n minglab kvartiralar bo‘shab qoldi

Foto: globallookpress.com

Xitoyning maxsus ma'muriy hududi, dunyoning eng qimmat shahri hisoblangan Hongkongda o‘n minglab kvartiralar bo‘shab qoldi. Ta'kidlanishicha, bu holat Xitoy tomonidan Hongkong milliy xavfsizligi haqidagi qonun qabul qilinishidan keyin shahar aholisining Britaniyaga ketib qolayotgani bilan bog‘lanmoqda.  

Bloomberg Intelligence tahlilchilari 2020 yilda Hongkongda 52 mingdan ko‘proq kvartira bo‘shab qolganini hisoblab chiqishgan. 2021 yilda bo‘sh kvartiralar soni 18 yil avval qayd qilingan maksimum ko‘rsatkichga yetishi mumkin. 

South China Morning Post nashrining ma'lumotlariga ko‘ra, agar shahardagi kvartiralar egalarining 1 foizi migratsiya qilsa, unda 5,4 foiz kvartira bo‘shab qoladi. Natijada 66 mingdan ko‘proq uy egasiz qoladi. Bunday holatda kvartira uchun ijara haqi 10 foizga tushib ketadi. 

Ta'kidlanishicha, ba'zilar Hongkongdan ketishdan oldin kvartiralarini ijaraga bermay, uni butunlay sotib ketishmoqda. Mahalliy fuqaro Sharlotta Soning ta'kidlashicha, u oilasi bilan birga Britaniyaning Kingston shahriga butunlay ko‘chib ketishga qaror qilgan va uyini rejalashtirilgandan arzonroqqa sotishiga to‘g‘ri kelgan. «Bu yerdagi muhit, qonunchilik va saylov tizimi, ta'lim tizimi muntazam o‘zgarib turadi. Hongkong biz uchun begona ekanini his qilmoqdamiz va yaqin yillarda o‘zgarishlar yanada ko‘proq bo‘ladi. Britaniya bolalarni tarbiyalash borasida xayrixoh va 40 yoshdan kattalar uchun ancha qulay hisoblanadi», deb tushuntirgan o‘z qarorini So. 

2020 yil iyunda Xitoy Britaniyaning sobiq hududi hisoblangan Hongkongda milliy xavfsizlikni ta'minlash haqidagi qonunni qabul qilgan. Pekin shu yo‘l bilan Hongkongda ayirmachilik faoliyatiga taqiq qo‘yib, maxsus hududi ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi bo‘lgan. AQSh bunday harakatlarni Hongkong muxtoriyatiga rahna solish deb hisoblab, Xitoyga qarshi sanksiyalar kiritgan. 

Britaniya hukumati Xitoyning bunday harakatlariga javoban 2021 yil 31 yanvardan Hongkongning «xorijlik britaniyalik» (British National (Overseas), BNO) pasportiga ega bo‘lgan barcha fuqarolari hamda ularning qarindoshlari Britaniyaga kelib, u yerda yashash, ishlash va o‘qishlari mumkinligini e'lon qildi. 6 yildan keyin ularga Britaniya fuqaroligi beriladi. 

Top