12:33 / 10.05.2021
5213

Andijonda sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan 233 mln so‘mlik bolalar ozuqalari to‘xtatib qolindi

Foto: Andijon viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati

Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi tomonidan Milliy Gvardiya va ichki ishlar idoralari xodimlari bilan hamkorlikda Oltinko‘l tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan  fuqaro X.Sh. boshqaruvidagi “Isuzu” rusumli yuk avtotransport vositasi to‘xtatilib,  belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada, mazkur avtotransport vositasi yukxonasida chet elda ishlab chiqarilgan va noqonuniy yo‘llar bilan respublikamizga olib kirilgan 720 quti bolalar ozuqalari hamda 530 quti oziq-ovqat qo‘shimchalari borligi aniqlandi.

Sifatini va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganini tasdiqlovchi birorta ham hujjati bo‘lmagan mazkur oziq-ovqat mahsulotlarining umumiy qiymati 233 mln so‘mni tashkil qilmoqda.

Hozirda ushbu tovar-moddiy boyliklar holatga aniqlik kiritilguniga qadar vaqtincha saqlovga olindi va holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Andijonda 40 million so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalari aniqlangan edi.

Top