15:29 / 09.08.2021
8151

Javob belgilanmagan test topshirig‘iga ball berilishi natija xato hisoblanganini anglatmaydi - DTM

Javob belgilanmagan test topshirig‘iga ball berilishi natija xato hisoblanganini anglatmaydi. Bu haqda Davlat test markazi xabar bermoqda.

Foto: KUN.UZ

Bildirilishicha, Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida talabgorlarda test topshirig‘iga nisbatan biror e'tiroz mavjud bo‘lsa, o‘z e'tirozini yozib berishi uchun e'tirozlar blankasi joriy etilgan bo‘lib, mazkur blanka oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida ham qo‘llaniladi.

Bunda abituriyent unga berilgan test topshirig‘ida biror xatolik mavjud deb hisoblasa, mazkur test topshirig‘i yuzasidan o‘z e'tirozini blankaga yozib beradi.

Bildirilgan e'tirozlar fan mutaxassislari tomonidan ko‘rib chiqiladi va e'tiroz o‘rinli bo‘lsa, mazkur test topshirig‘i tushgan barcha abituriyentlarga (abituriyent e'tirozlar blankasiga yozmagan bo‘lsa ham) ushbu test topshirig‘i uchun tegishli ball beriladi.

“Bunda abituriyent mazkur test topshirig‘iga javob belgilagan yoki belgilamaganining ahamiyati yo‘q. Ya'ni, abituriyentning e'tirozi asosli bo‘lsa, u javoblar varaqasiga belgilagan bo‘lsa ham, belgilamagan bo‘lsa ham unga mazkur test topshirig‘i uchun tegishli ball beriladi”, deyiladi DTM xabarida.

Ta'kidlanishicha, agar abituriyent e'tirozi asossiz bo‘lsa, u inobatga olinmaydi va test topshiriqlari abituriyent javoblar varaqasiga belgilagan javoblar asosida tekshiriladi.

Top