18:50 / 09.08.2021
2095

Yakkabog‘da ko‘p qavatli uylar sifatsiz qurilayotgani va ta'mirlanayotgani aytildi. Tuman hokimligi holat bo‘yicha munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Yakkabog‘ tumanida ko‘p qavatli uylarning qurilish va ta'mirlash ishlarida kamchiliklar uchrayotgani va bu aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi. Tuman hokimligi qurilish bo‘limi mazkur xabarga munosabat bildirdi.

Tuman hokimligi o‘z munosabatida, qurilgan uy-joylarning qurilish ishlariga tegishli bo‘lgan xomashyolarini qabul qilib olish, ularning sifatlilik darajasini tekshirish hamda yetkazib beruvchi firmalar bilan shartnoma tuzish ishlari tuman hokimligi vakolatiga kirmasligini ma'lum qilgan. Shuningdek, topshirilgan ishlarning sifati fuqarolar va qurilish tashkiloti «Qishloq qurilish invest» MChJ IK bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra 1 yil muddat ichidagi uy-joy kamchiliklariga mazkur MChJ javobgar ekanligi belgilangan.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda nisbat berilgan Yakkabog‘dagi ko‘p qavatli uy-joylar «Qishloq qurilish invest» MChJ injiniring kompaniyasi buyurtmasi bilan pudratchi «Bilol baraka» MChJ tomonidan qurilgan. Ushbu uy-joylarga o‘rnatilgan «Aquaten» rusumli 80 litr hajmli elektr suv isitkichlar «Qishloq qurilish invest» MChJ injiniring kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra «FAR TEXNOLOGJI» MChJ tomonidan yetkazib berilgan.

Qayd etilishicha, mazkur shartnomaga asosan «FAR TEXNOLOGJI» MChJ tomonidan 2020 yil davomida yetkazib berilgan elektr suv isitkichlardan Yakkabog‘ tumani Ayg‘irko‘l massivida qurilgan uy-joylarga o‘rnatilgan 72tasi sifatsiz ekanligi aniqlangan.

Shunga asosan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Farg‘ona viloyat boshqarmasi hamda «Qishloq qurilish invest» MChJ IK tomonidan qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilayotgani ma'lum qilingan.

Top