12:22 / 16.08.2021
17552

Toshkentda shaxmat afsonalari qatnashgan xalqaro turnir yakunlandi

Toshkentda «Zakovat-Gambit» turnirining final bosqichi start olgani haqida xabar bergandik. Bugun respublika bo‘ylab 4 ming nafarga yaqin ishtirokchilar qatnashgan turnir o‘z yakuniga yetdi. Kun davomida barcha 5 ta guruhlarda final bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.

«Zakovat-Gambit» turniriga tashrif buyurgan shaxmat afsonasi, ayollar o‘rtasidagi mutlaq jahon chempioni va super-grossmeyster Yudit Polgar turnir hamda undagi ishtirokchilar mahoratiga yuqori baho berdi.

«Birinchi marta O‘zbekistondaman va bundan juda xursandman. Turnir ajoyib tashkillashtirilgan. 20 nafar shaxmatchi yoshlar bilan o‘ynashga muvaffaq bo‘ldim, ularning 10 nafari qizlar ekani quvonarli.

Bu yerda bir qator iqtidorli yoshlarni uchratdim, 25 va 26-raqamdagi ishtirokchilarning o‘yini menga juda yoqdi. Ular o‘yinni ko‘ra olishadi. Bilishimcha, O‘zbekistonda ko‘plab shaxmat maktablari bor. Bu meni quvontirdi, chunki Vengriyada bu kabi maktablar ko‘p emas. Mana endi o‘zbekistonlik bolakaylar nimaning evaziga xalqaro musobaqalarda katta natijalarga erishayotganini tushundim.

Sizlarda jahon chempioni Qosimjonov bor, jahon chempioni bo‘lish oson ish emas. Bu yerdagi bolalar dunyo shaxmat taxtidan hali ancha uzoqda. Lekin bu yerda ularni chempionga aylantira oladigan katta ustozlar mavjud», dedi afsonaviy shaxmatchi Polgar xonim.

Shaxmat yulduzlariga qarshi nafaqat shaxmatchilarimiz, balki sport olamida taniqli bo‘lgan shaxmat ixlosmandlari ham o‘yin o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldilar. 

«Qiziqarli partiya bo‘ldi. Boshida hayajon bosib, bitta muhim figuramni boy berib qo‘yganimdan so‘ng, o‘yinim orqaga qarab ketdi. Natijada bosim ostida qoldim. Ko‘pchilik kutganidek, mag‘lubiyatga uchradim. Lekin men bu yerga natija uchun kelmagandim. Asosiy maqsadim jahon shaxmati va sporti yulduzlari bilan ko‘rishish edi.

Bunaqa imkoniyat oldin bo‘lmagandi. Mana shunday imkoniyatdan foydalanib, nafaqat ular bilan ko‘rishish, balki shaxmat o‘ynash imkoniyatiga ham ega bo‘ldim. Bundan juda ham xursandman», dedi sport sharhlovchisi, Yudit Polgarga qarshi dona surgan Davron Fayziyev. 

Turnir yakunlariga ko‘ra, o‘z guruhlarida yuqori pog‘onalarni egallagan shaxmatchilarga sovrinlar topshirildi. 1-o‘rin sohiblari 50 mln, 2-o‘rin 30 mln va 3-o‘rin egalari 20 mln so‘mdan pul mukofotlariga ega bo‘lishdi. Shuningdek, qizlar o‘rtasidagi musobaqalarda ajoyib ishtirok etgan 4 nafar qiz 20 mln so‘mdan pul mukofotiga ega bo‘ldilar.

Top