Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston jamoasiga Ivan Sokolov murabbiylik qildi. Uning o‘zi ham oldin top-shaxmatchi bo‘lgan.

Chess.com saytiga bergan intervyusida kelib chiqishi bosniyalik bo‘lgan grossmeyster o‘zbek vunderkindlari bilan ishlash qanday ekanini aytib berdi.

54 yoshli Sokolov 1990-yillarda va 2000-yillarning boshida eng yuqori saviyada o‘ynagan. 20 yil davomida u doimiy ravishda eng yaxshi 30 shaxmatchi qatorida bo‘lgan va uch marta dunyo reytingida 12-o‘rinni egallagan. Yuqori o‘ntalikka kira olmagan grossmeysterlar orasida u eng muvaffaqiyatlisi edi, deyilsa mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bir necha katta turnirlardagi (masalan, Hogeven, Selfoss, Sarayevo) g‘alabadan tashqari u faoliyatida klassik partiyalar bo‘yicha jahon chempionlari Garri Kasparov, Vladimir Kramnik, Vishvanatan Anand, Veselin Topalov hamda yosh Magnus Karlsenni mag‘lub etgan.

Ivan Sokolov 2017 yil Yevropa jamoasi safida o‘ynamoqda. Foto: Maria Emelianova/Chess.com

Ivan Bosniyada (o‘sha paytdagi Yugoslaviya, hozirgi Bosniya va Gersegovina) tug‘ilib o‘sgan va 1990-yillardagi urush paytida mamlakatni tark etgan, qochqinlikka yuz tutgan millionlab odamlardan biri edi. 1992 yilda u shaxmatni o‘zgacha qadrlovchi Niderlandiyaga ko‘chib boradi. Bu mamlakatda yiliga besh-oltita katta turnirlar o‘tkazilardi. Yangi vatani unga xorijdagi turnirlarda ishtirok etishni ham osonlashtirdi.

Sokolov turmushidan ajrashgan, hozirda 20 yoshlar atrofidagi ikki farzandi bilan Amsterdamda yashaydi. 2008 yildan buyon shaxmat bo‘yicha murabbiylik qiladi. Avvaliga u sobiq Yugoslaviyaning eng yaxshi iste’dodlari (xorvatiyalik Ivan Sharich va Marin Bosiochich, bosniyalik Borki Predoyevich), keyinroq hindistonlik Baskaran Adhiban va BAA vakili Salim Solih bilan ishlagan.

Shaxmat karerasidan voz kechib, murabbiy sifatida ishlash haqidagi qarorni 2013 yilda qabul qilgan va bu bilan bog‘liq kulgili voqea bor:

«2013 yilda men hali ham yaxshi reytingga ega edim (2663 ball). Ammo bu ko‘tarilishlar va pasayishlar yili bo‘ldi. Taxminan iyun oyida BAA shaxmat federatsiyasidan taklif oldim. Ular Salim Solihga murabbiylik qilishimni so‘rashdi. Ammo Dubayga doimiy ish uchun ko‘chib o‘tishni xohlayotganimga ishonchim komil emasdi.