14:19 / 12.10.2021
2134

Shavkat Mirziyoyev Afshona qishlog‘ini turizm shaharchasiga aylantirishni taklif qildi

Buxoroda turizmni jadal rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

Foto: Facebook

“Buxoro dunyo madaniyatining eng qadimiy manzillaridan biri ekani hech kimga sir emas. Viloyatdagi 829 ta madaniy yodgorliklarning 287 tasining tarixi ming yilliklarga borib taqaladi. Shu bois, Buxoroda turizmni jadal rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Natijada xorijiy va mahalliy turistlar soni 5 million nafarga, eksport hajmi 600 million dollarga yetkaziladi.

Yaqinda YuNeSKO tomonidan Buxoroning yana 7 ta qadimiy obidalari Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. Ularni hamda viloyatdagi yana 800 dan ziyod tarixiy boyligimiz bo‘lgan madaniy obektlarni birma-bir restavratsiya qilishni boshlaymiz. Bunga dastlab 300 milliard so‘m ajratilib, mahalliy va xorijiy olimlar, restavratorlar va boshqa eng nufuzli mutaxassislar jalb qilinadi. Ayniqsa, “Ark qo‘rg‘oni”ning bundan 100 yil oldin vayron qilingan qismlari qayta tiklanadi.

Buyuk bobokalonimiz, ulug‘ alloma Abu Ali ibn Sino tug‘ilib o‘sgan Afshona qishlog‘ini turizm shaharchasiga aylantirishni taklif qilaman. Buxoro shahrida eng zamonaviy jihozlangan tarix muzeyi tashkil etiladi va unda viloyatda mavjud 130 mingdan ziyod eksponatdan, Buxoro tarixining eng noyob durdonalari joylashtiriladi. 

Buxoro shahrida Arxeologiya institutining filiali, Buxoro davlat universitetida alohida kafedra tashkil etiladi. Qorako‘l tumanidagi “Poykent – osmon ostidagi muzey” arxeologik parki tashkil etiladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Top