13:31 / 01.11.2021
18091

Farg‘onalik 11 yoshli dizayner: uning yasagan modellari allaqachon sotilmoqda

Nurillo Egamberdiyev Marg‘ilon shahridagi Raqamli texnologiyalar markazida tahsil oladi. U 8-maktabning 6-sinf o‘quvchisi. Nurillo ertalab maktabda, tushlikdan keyin esa markazda o‘qiydi. Uning markazda tahsil ola boshlaganiga bir yil bo‘ldi.

U markazga kelib kompyuterda Abdulloh Inag‘amovning darslarini ko‘rib, IT sohasini o‘rgangan.

«Asrorxon Umarovning YouTube’dagi Exterior loyihasidan ko‘rib 1 haftada intererlik ishini qilib ko‘rganman. Ishim o‘xshaganidan keyin model yasab profil ochganmiz. Model yasab saytga joylaganmiz. Modelim sotilganidan keyin ishga qiziqishim ortgan.

3 oy bo‘ldi o‘zimga profil ochdim. Hozirgacha 8 ming rubl tushdi. Meni ko‘rishib bir-ikki o‘rtoqlarim ham markazga kelishdi. Do‘stlarimga o‘rgatdim. YouTube’dan ular ham o‘rganishdi. Boshida ishni intererdan boshlaganman. Keyin esa model yasab ko‘rganman. Ishlarim sotilganidan keyin Exterior’ga qiziqib qolib Exterior ishini ham qilganman.

Hozirda gilam, stol-stul modellarini yasayapman. Photoshop, Marvelous programmalarini o‘rganyapman. Marvelous dasturida choyshablar, yumshoq materiallar chiqarsa bo‘ladi. Photoshop’da rasmlar bilan ishlashga qiziqaman», – deydi yosh dizayner Nurillo Egamberdiyev.

Nurillo Egamberdiyevning 3V Max yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirayotgan loyihalari markaz rahbariyati tomonidan ham e'tirof etildi.

«IT parkimiz 2020 yil iyun oyida tashkil topgan. Texnopark hozirda 20ga yaqin yo‘nalishlarda ta'lim berib frilanserlik faoliyatidan professional dasturchi darajasiga chiqishga yo‘naltirilgan. Respublikamizda kuzatilayotgan quvonchli narsa bu IT sohasi yosharib borayotganidir. Namuna sifatida Nurillo Egamberdiyevni olishimiz mumkin. Yosh bo‘lishiga qaramasdan sohani mukammal egallashga intilyapti, hamda bu borada ozgina o‘zining daromadini qilishga erishib kelmoqda», — deydi IT park Farg‘ona filiali direktori Bahromjon Jalilov.

Raqamli texnologiyalar markazida turli yo‘nalishda o‘quvchilar tahsil oladi. Nurillo Egamberdiyev 3D Max yo‘nalishini tanlagan. Nurilloning 3D Max yo‘nalishi bo‘yicha intererlik, mebel dizayni ishlari xalqaro platformalarda sotilyapti.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Top