Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida yangi turistik majmua qurilmoqda. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va sport bosh boshqarmasining axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, sayyohlik majmuasi qurilishi JASMINE GOLD GROUP” MChJ tomonidan Orol dengizi bo‘yida boshlangan.
Qo‘shimcha qilinishicha, loyihaning umumiy qiymati 4 mlrd so‘mni tashkil etadi. Majmuaning umumiy maydoni 100 gektardan iborat.
Mo‘ynoq tumani markazidan 170-180km masofada joylashgan ushbu majmuada qora uylar, ayvonlar, xizmat ko‘rsatish binolari, sanitar-gigiyenik shoxobchalar, piyodalar yo‘lakchasi barpo etiladi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda Qoraqalpog‘istonning o‘ziga xos ekologik sharoiti, hududda joylashgan tabiiy obektlar, jumladan Quyi-Amudaryo davlat biosfera rezervati, Sudoche ko‘li, Aqchako‘l ko‘li, Orol dengizi va Ustyurt tekisligi mavjudligi uchun tashrif buyuruvchi mehmonlar ko‘paymoqda.