17:18 / 23.02.2022
19866

Gurlan tumani hokimi kooperativlarga uyushmoqchi bo‘lgan fermerlarga “statyalar” bilan tahdid qildi

Oyog‘ida mustahkam turadigan tadbirkor-dehqonlar sinfi “issiqxona ichida” yoki hokimlar chizgan chiziq bo‘yicha yurib shakllanmaydi. Endi shakllanayotgan mazkur sinf erkinlikning past-balandini o‘z tajribasida sinashi kerak, boshqacha qilib aytganda, ularga “xato qilish huquqi” berilishi lozim.

Xorazm viloyati, Gurlan tumani hokimi Murodjon Achilov ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda (19.02.2022) hokim kooperativlarga uyushish istagida bo‘lgan fermerlarga qarata eskicha – avvallari ko‘pchilik hokimlar fermerlarga qilib kelgan munosabat uslubida, ya’ni mensimasdan, “tepadan pastga” qarab, qo‘pol ohangda, senlab murojaat qildi.

O‘z so‘zida hokim fermerlar ishtirokidagi hamkorlik shakli – kooperatsiyani “bo‘ladigan narsamas” deb atadi, shu bilan birga “kooperatsiyani o‘sha vaqtda bizlar o‘ylab topganmiz, ammo bu “pustoy” narsa” deya, mahalliy klaster bilan shartnoma tuzishga fermerlarni qat’iy ohangda chorlab: “Ertaga yomonotliq bo‘lganing qoladi, yeringdan ajraganing qoladi”, “Boshqa-boshqa statyalar chiqib keladi” dedi.

Shuni ta’kidlash kerakki, birinchidan, Fuqarolik kodeksining 354-moddasiga muvofiq, fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindir. Ya’ni hech kimning kimnidir majburiy ravishda, shu jumladan, fermerlarga ham shartnoma tuzdirishga haqqi yo‘q.

Ikkinchidan, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 34-moddasiga asosan, davlat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari dehqon va fermer xo‘jaliklarining tadbirkorlik faoliyatiga, shu jumladan ushbu xo‘jaliklarning agrotexnika usullarini, yetishtiriladigan mahsulot turini tanlashiga, bu mahsulotning bahosini hamda realizatsiya qilish yo‘nalishini belgilashiga aralashishga haqli emas.

Uchinchidan, Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident farmoniga asosan, fermer xo‘jaliklariga o‘z viloyatidagi istalgan paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda fyuchers shartnomalarini tuzish huquqi bor.

To‘rtinchidan, Fuqarolik kodeksining 123-moddasiga ko‘ra, zo‘rlik, qo‘rqitish, bir taraf vakilining ikkinchi taraf bilan yomon niyatda kelishishi ta’sirida tuzilgan bitim, shuningdek fuqaro og‘ir holatlar yuz berishi tufayli o‘zi uchun o‘ta noqulay shartlar bilan tuzishga majbur bo‘lgan, ikkinchi taraf esa bundan foydalanib qolgan bitim (asoratli bitim) jabrlanuvchining da’vosi bo‘yicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 sentyabrdagi 383-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar bilan tayyorlov, xizmat ko‘rsatish tashkilotlari o‘rtasida shartnomalar tuzish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish, bajarish, shuningdek ularning bajarilishi monitoringini olib borish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talabiga asosan, tayyorlov tashkiloti (klaster) agrotexnika chora-tadbirlarini amalga oshirishdan bir oy oldin shartnoma tuzish uchun fermer xo‘jaligi joylashgan xududga o‘zining vakolatli vakilini yuborishi kerak.

Fermer xo‘jaligi shartnoma loyihasi tayyorlov tashkiloti (klaster) vakilidan olingan vaqtdan boshlab 7 kun mobaynida uni ko‘rib chiqadi va e’tirozlari bo‘lmagan taqdirda loyihani imzolaydi. Shartnoma loyihasi shartlari bo‘yicha e’tirozlar paydo bo‘lgan taqdirda fermer xo‘jaligi 7 kun muddatda kelishmovchiliklar to‘g‘risida protokol tuzib, uni tayyorlov (klaster) tashkilotiga jo‘natadi. Bunga uchinchi shaxsning aralashishiga haqqi yo‘q.

“Kooperatsiya to‘g‘risida”gi qonun, “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 22.06.2020 yildagi “Paxta hom ashyosini yetishtirish va qayta ishlash kooperatsiyalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 398-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan, fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy kooperatsiyalari tuziladi.

Kooperatsiya mutlaq erkin ravishda paxta xomashyosini yetishtirish, tashish, saqlash, qayta ishlash, tayyor mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda sotish ishlarini amalga oshiradi.

Tuman hokimlariga kooperatsiyalar faoliyatini samarali tashkil etish, hosildorlikni oshirish va mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish, agrotexnik tadbirlarni o‘z muddatida va sifatli amalga oshirishga ko‘maklashadi hamda kooperatsiyalar va paxta xomashyosini yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash mahsulotlari hamda boshqa moddiy-texnika resurslari bilan ta’minlash choralarini ko‘rish yuklatilgan.

Qishloq xo‘jaligi sub’yektlari faqat va faqat erkin bo‘lsalargina sohadagi ishlar samarali bo‘ladi (saytimiz bu mavzuda ko‘plab asosli ilmiy, publitsistik materiallar tayyorlagan). Ammo bunga yetishish uchun dehqonlar erkinlikning past-balandini o‘z tajribalarida sinashi, boshqacha qilib aytganda, ularga xato qilish huquqi berilishi lozim. Qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilishning boshqa yo‘li yo‘q – tadbirkor-dehqonlar sinfi “issiqxona ichida” yoki hokimlar chizgan chiziq bo‘yicha yursa shakllanmaydi.

Qayd qilish joizki, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan hokimlar faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tizimi yo‘lga qo‘yilgan va Gurlan tumani hokimi Murodjon Achilov 205 hokim ichida yuqori o‘ntalikka kirib, 8-o‘rinni egallagan edi.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid
Top