20:44 / 27.04.2022
24090

Magistraturaga kirish imtihonlarida mutaxassislik fanlari olib tashlandimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda magistraturaga qabul uchun mutaxassislik fanlaridan imtihon bekor qilinishi haqida xabarlar tarqaldi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mutasaddisi bunga izoh berdi.

Joriy yilgi qabul masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov magistratura imtihonlariga oid tarqalayotgan xabarga izoh berdi.

“Xabarlaringiz bor, xorij tillarini o‘rganishni rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori chiqqan. Unga ko‘ra, joriy o‘quv yilidan magistraturaga faqat chet tili sertifikati bor talabgorlar hujjat topshira oladi. Hozir bu tartib bekor qilingani haqida ham xabarlar chiqyapti, yo‘q bekor qilingani yo‘q. Amaldagi tartib amaldaligicha qolmoqda. Talabga loyiq bo‘ladigan talabgorlar qabul qilinadi, talabga javob bermaydiganlar esa tayyorgarlik ko‘radi”, dedi Abduvali Xoliqov.

Vazirlik rasmiysining qayd etishicha, mutaxassislik fanlardan imtihon olinish-olinmasligi hozir muhokamada. Muhokamadagi jarayonga aniq xulosa aytish qiyin: bu amalga oshishi yoki oshmasligi mumkin. Buni tizimdagi olimlar belgilab beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi tartibi joriy etilgan.

Bunda, filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha kamida S1 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat, nofilologik yo‘nalishlar bo‘yicha esa V2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat talab etiladi.

Mavzuga oid
Top