13:41 / 15.07.2022
11628

Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov Samarqandga keldi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bugun birgalikda Samarqand shahridagi tarixiy obidalarini ziyorat qiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari bugun, 15 iyul kuni Samarqand shahrida bo‘lib turibdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov davlat tashrifining ikkinchi kuni Samarqand shahriga keldi.

Aeroportda uni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oliy martabali mehmon davlat rahbari hamrohligida Sharq durdonasi - qadim va betakror Samarqand shahrining ulug‘vor me’moriy obidalari bilan tanishadi, deyiladi xabarda.

Kecha, 14 iyul kuni «Ko‘ksaroy» qarorgohida o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkmaniston muzokaralari yakunida hujjatlar imzolash marosimi bo‘lib o‘tgandi.

Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov qo‘shma bayonot imzoladi. Unda erishilgan asosiy kelishuvlar mustahkamlab qo‘yilgan hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklikni yanada kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha uzoq muddatli vazifalar belgilangan.

Davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari tomonidan bitimlar imzolandi. Jami 19 ta hujjatga imzo chekildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Top