13:34 / 19.07.2022
9691

Samarqandda pul evaziga nafaqaga chiqish uchun ish staji va shahodatnoma rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan mas’ullar ushlandi

Bir holatda fuqaroga nafaqaga chiqishi uchun pul evaziga ish staji qo‘shib bermoqchi bo‘lgan shahar pensiya jamg‘armasi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, ikkinchi holatda fuqaroga shahodatnoma tayyorlab bermoqchi bo‘lgan maktab direktori o‘rinbosari ushlangan.

Foto: IIB axborot xizmati

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 18 iyul kuni fuqarolardan biri viloyat IIBga ariza bilan murojaat qilib pul evaziga ish staji bo‘yicha «yordam bermoqchi» bo‘lgan shaxsga chora ko‘rishni so‘ragan.

Uning arizasiga ko‘ra, fuqaro nafaqaga chiqishi uchun pensiya jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limiga borib, ishlagan vaqtini hisoblatgan vaqtida, 1 yil-u 6 oy ish staji yetmagan. Shunda o‘zini pensiya jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari deb tanishtirgan shaxs uning ishonchiga kirib, yetmagan ish stajini soxtalashtirish orqali to‘g‘rilash va nafaqa rasmiylashtirib berish evaziga 300 dollar talab qilgan.

Mazkur arizaga asosan, shu kuni viloyat IIB hamda DXX boshqarmasi va shahar prokuraturasi xodimlari hamkorligida budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi binosida o‘tkazilgan tezkor tadbirda K.Sh. o‘z xizmat xonasida ariza muallifidan 300 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Shuningdek, fuqarolardan biri huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, pul evaziga o‘ziga shahodatnoma olib bermoqchi bo‘lgan shaxsga chora ko‘rishni so‘ragan.

Fuqaroning arizasiga ko‘ra, u o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida o‘qishga kirish tartibi bilan qiziqib yurgan vaqtida, Samarqand shahar XTBga qarashli 8-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktori o‘rinbosari uning ishonchiga kirib, 400 dollar evaziga 11 yillik ta’limni olganligi to‘g‘risida shahodatnoma rasmiylashtirib berishini aytgan. So‘ng direktor o‘rinbosari 100 dollarni olib, yana 300 dollar talab qilgan.

Mazkur arizaga asosan, 2022 yil 4 iyul kuni viloyat IIB va shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan 8-sonli maktab binosida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, D.Z. xizmat xonasida ariza muallifidan 300 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, har ikkala holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Top