16:01 / 29.09.2022
14294

AQSh o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qildi

AQSh Mehnat vazirligi dunyoda majburiy mehnat bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ikkita hisobotni e’lon qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: KUN.UZ

Bolalar mehnati eng yomon shakllari to‘g‘risidagi hisobotda («TDA Report») O‘zbekiston 2011 yildan beri birinchi marta bolalar mehnati eng yomon shakllarini bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlar samaradorligi bo‘yicha «sezilarli taraqqiyot» eng yaxshi toifasiga kirdi

O‘zbekiston 2011 yilda «bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha davlat tomonidan hech qanday muhim sa’y-harakatlar qabul qilinmagan» 4-toifaga kiritilgan edi. 2018 yilda AQSh idorasi qarori bilan O‘zbekiston «o‘rtacha taraqqiyot» bilan 2-toifaga o‘tkazildi.

Hisobotga ko‘ra, bu yil 131 davlat ichida O‘zbekiston «sezilarli taraqqiyot» maqomiga sazovor bo‘lgan 9 ta davlat qatoridan joy oldi. Baholash bolalar mehnati eng yomon shakllarini taqiqlovchi qonunlar va me’yoriy hujjatlar, shikoyatlarni ko‘rib chiqish va bunday huquqbuzarliklarni tekshirish huquqni muhofaza qiluvchi va institutsional mexanizmlari, bolalar mehnat eng og‘ir shakllariga jalb etilishi oldini olishga qaratilgan ijtimoiy dasturlar amalga oshirilishiga, ushbu yo‘nalishdagi davlat siyosati samaradorligiga asoslanadi.

O‘zbekistonning tizimli majburiy mehnatga to‘liq barham berish bo‘yicha erishgan muvaffaqiyatlarini hisobga olib, AQSh Mehnat vazirligi ham «Bolalar va majburiy mehnatdan foydalangan holda ishlab chiqariladigan mahsulotlar ro‘yxati»dan mamlakatda yetishtirilgan paxta hosili chiqarilishini e’lon qildi. Ushbu qaror O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan paxta va undan tayyorlangan mahsulotlarni AQShga olib kirishga qo‘yilgan rasmiy cheklovlarni bekor qiladi va shu orqali mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Hisobotga ko‘ra, o‘zbek paxtasi ushbu ro‘yxatdan chiqarilishi sabablari «prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatni xorijiy sarmoyadorlar uchun jozibali manzil sifatida ko‘rsatib, iqtisodiy islohotlarni olg‘a sura boshlagan 2017 yildan buyon O‘zbekistonda paxta sanoatidagi jiddiy o‘zgarishlar» bilan bog‘liq.

Hujjatda ta’kidlanganidek, hukumat butun ishlab chiqarish zanjirini mexanizatsiyalashga, ishchi kuchidan foydalanishga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradigan yo‘nalishni davom ettirmoqda. «Majburiy mehnat holatlari qisqarishi majburiy paxta terimini bekor qilish va ishchilarni yollashda majburlashni taqiqlovchi va bunday huquqbuzarliklar uchun qat’iy jazolarni nazarda tutuvchi yangi siyosatni joriy etish orqali majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha hukumat birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasidir».

Paxta terimi uchun minimal to‘lov oshirilishi, ishchilar va ish beruvchilar o‘rtasida davlat aralashuvisiz jamoaviy bitimlar tuzish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.

Mazkur yangilikka munosabat bildirgan Senat raisi Tanzila Norboyeva bu davlatimiz rahbari boshchiligida mehnat munosabatlari tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning natijasidir. Shu o‘rinda,  O‘zbekistonda 2017 yilda paxta sanoatida boshlangan iqtisodiy islohotlarning samarasi ekanini ta’kidlagan

"Bu esa yangi imkoniyatlarni ochishi bilan birga, o‘zbek paxtasini AQShga eksport qilish bo‘yicha mavjud cheklovlarni bekor qiladi, paxta sanoatini rivojlanishiga, qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro standartlarni joriy etishga hamda sohada xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi" deydi Norboyeva.

Top