12:51 / 30.10.2022
33533

Seulda bayramdagi tiqilinch: qurbonlar soni 150 dan oshdi, ular orasida o‘zbekistonlik ham bor

Favqulodda xizmatlarning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreya poytaxtida Covid-19 pandemiyasidan keyin ilk bor cheklovlarsiz nishonlangan Hellouin kunida yuzaga kelgan tiqilinch oqibatida halok bo‘lganlar soni 151 nafarga yetgan, yana 82 kishi turli darajada tan jarohatlari olgan. Qurbonlarning 20 nafardan ortig‘i xorijliklar, ular orasida kamida bir nafar o‘zbekistonlik ham bor. Tiqilinch ulkan olomon tor ko‘chaga yopirilib kirganida yuzaga kelgan.

Foto: Getty Images

Fojia Seulning ko‘plab tungi klublar, tunda ham ishlaydigan kafe va restoranlar joylashgan Itaewon tumanida ro‘y bergan. Bu yerda kovid cheklovlari bekor qilinganidan buyon ilk bor ommaviy bayram tadbirlari o‘tkazilgan.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, qurbonlarning aksari o‘smirlar va 20 yosh atrofidagi yoshlardir.

Yonhap agentligiga ko‘ra, qurbonlarning 97 nafari ayollar, 54 nafari erkaklar. Yana 82 kishi jabrlangan, ularning 19 nafari og‘ir ahvolda. Shifoxonaga yotqizilganlarning aksarini yosh ayollar tashkil etadi. 

Xabarlarga ko‘ra, xiyobondagi odamlar kafega mashhur shaxs kelganini eshitgach, u yerga qarab shoshilishgan va tor ko‘chada tiqilinch yuzaga kelgan.

O‘t o‘chirish xizmati vakili qurbonlar orasida xorijliklar ham borligini ma’lum qilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 22 nafar xorijlik halok bo‘lgan, jumladan Xitoy, Eron, O‘zbekiston, Rossiya va Norvegiya fuqarolari.

O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi Seuldagi tiqilinchda vafot etgan o‘zbekistonlik haqida ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mudhish voqeada bir nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etgan. Elchixona yuzaga kelgan favqulodda vaziyat oqibatida yordam kerak bo‘lsa, elchixonasi konsullik bo‘limi hamda Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasiga zudlik bilan murojaat qilishga chaqirgan (elchixona: 010-6802-1969, uyushma: 010-8495-0027).

TIV matbuot xizmati O‘zbekistonning yana bir fuqarosi jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgani, uning ahvoli qoniqarli deb baholanayotganini ma’lum qildi.

«Vaziyat Elchixona nazoratiga olingan, marhumning jasadini vatanga olib kelish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalar hal qilinmoqda, O‘zbekiston fuqarosi joylashgan tibbiyot muassasasi bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan.

Marhumning yaqinlari va oila a’zolariga hamdardlik bildiramiz va Koreya Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatimizning Seuldagi Elchixonasiga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tamiz», deyiladi xabarda.

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol mamlakatda milliy motam e’lon qildi. Shoshilinch chaqirilgan yig‘ilishdan keyin u yaradorlarga operativ yordam ko‘rsatish guruhini tashkil qilishga ko‘rsatma berdi.

Dunyoning qator mamlakatlari rahbarlari, jumladan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham hodisa yuzasidan hamdardlik bildirdi.

«Prezident Shavkat Mirziyoyev Seul shahri markazida yuz bergan fojia oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolga ta’ziya yo‘lladi.

Davlatimiz rahbari qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishlarini tiladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Odamlar ko‘plab bar va restoranlar joylashgan kvartaldagi tor ko‘chada tiqilib qolgan
Foto: Getty Images

Seulda shu kuni so‘nggi uch yil ichida ilk bor hech qanday koronavirus cheklovlarisiz Hellouin bayrami o‘tkazilgandi. Aprel oyida kovidga chalinish bilan bog‘liq yangi holatlar keskin kamayishi ortidan Janubiy Koreyada bar va restoranlarda komendantlik soati bekor qilingan, shuningdek o‘ndan ortiq odam bir joyda to‘planishiga ruxsat berilgandi. May oyida mamlakatda niqob taqish talabi bekor qilindi.

Bu Janubiy Koreyada 2014 yildan buyon ro‘y bergan eng yirik fojia bo‘ldi, o‘shanda «Sevol» paromi halokatga uchrashi oqibatida 304 kishi, asosan maktabning yuqori sinf o‘quvchilari halok bo‘lgandi.

Top