13:44 / 17.11.2022
5425

Shimoliy Koreya yangi raketa sinovlarini o‘tkazdi

BMT rezolyutsiyalari Shimoliy Koreyaga har qanday masofadagi yadroviy ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazishni taqiqlaydi. Biroq, yil boshidan beri u 50 dan ortiq bunday sinovlarni o‘tkazdi.

Foto: Reuters

Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon qisqa masofali ballistik raketa uchirdi, deb xabar berdi «Yonhap» agentligi 17 noyabr, payshanba kuni Janubiy Koreya harbiylariga tayanib. Janubiy Koreya shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raketa taxminan 240 km masofani bosib o‘tganini va 45 km balandlikka yetganini aytdi.

KXDR tomonidan o‘tkazilgan sinovlar Yaponiya Mudofaa vazirligi tomonidan ham tasdiqlangan. Taxminlarga ko‘ra, raketa Koreya yarimoroli sharqidagi suvlarga tushgan.

«Shimoliy Koreya ballistik raketalarining ketma-ket uchirilishi nafaqat Koreya yarimorolida, balki xalqaro hamjamiyatda tinchlik va barqarorlikka putur yetkazuvchi jiddiy provokatsion harakatlar, shuningdek, BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarini ochiqdan ochiq buzishdir», - deyiladi Janubiy Koreya harbiylari bayonotida.

BMT rezolyutsiyalari Shimoliy Koreyaga har qanday masofadagi yadroviy ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazishni taqiqlaydi. Biroq, yil boshidan beri Pxenyan allaqachon 50 dan ortiq bunday sinovlarni o‘tkazgan. U oxirgi marta 9 noyabr kuni qisqa masofali ballistik raketani uchirdi. 

Raketa uchirilishidan biroz oldin Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri Chxve Song Xe Shimoliy Koreya AQShning KXDRni tiyib turish hamda Vashington va uning ittifoqchilarining mintaqadagi harbiy faolligini kuchaytirish siyosatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri mutanosib javob berishi haqida ogohlantirdi. 

Mavzuga oid
Top