20:04 / 30.12.2022
7941

Pedagogika, chet tillar, qishloq xo‘jaligi institutlari – 2022 yilda qanday yangi OTMlar ochildi?

Tugab borayotgan yil davomida O‘zbekistonda 10dan ortiq yangi oliy ta’lim muassasalari tashkil qilindi. Kun.uz ularni jamladi.

2022 yilda arxitektura, pedagogika, qishloq xo‘jaligi, veterinariya kabi yo‘nalishlarda yangi oliygohlar tashkil qilindi.

Arxitektura

2022 yilda Toshkent arxitektura-qurilish instituti Toshkent arxitektura-qurilish universiteti sifatida qayta tashkil etilib, u muhandislik, arxitektura, qurilish va qurilish materiallari texnologiyalari yo‘nalishlariga ixtisoslashtirildi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti sifatida qayta tashkil etilib, madaniy meros obektlarini tiklash, dizayn, arxitektura, qurilish, urbanizatsiya va muhandislik yo‘nalishlariga ixtisoslashtirildi.

Ularga 2023 yil 1 yanvardan boshlab akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi.

Pedagogika

O‘tib borayotgan yilda pedagogika yo‘nalishida 10ta OTM tashkil etiladi. Tegishli qarorga ko‘ra, OTM va ularning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Urganch, Namangan, Guliston, O‘zbekiston-Finlandiya, Andijon, Buxoro, Termiz, Shahrisabz, Chirchiq, Jizzax davlat pedagogika institutlari faoliyat boshladi.

IT

“IT-Park University” raqamli universiteti tashkil qilindi. Universitet mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi. Unda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, axborot tizimi va kompyuter tarmoqlarini boshqarish sohalari bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanadi. Ta’lim faoliyati 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanib, talabalarni o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligi

Bu yil Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti (Royal Agriculture University) bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti tashkil etildi. Universitet Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti tomonidan ta’sis etiladigan to‘liq akademik va moliyaviy mustaqil bo‘lgan davlat ishtirokidagi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Universitetda ta’lim grant va to‘lov-kontrakt asosida 2022/2023 yildan quyidagi yo‘nalishlarda olib boriladi.

–aqlli qishloq xo‘jaligi (Smart Agriculture);

–agronomiya;

–biotexnologiya;

–agroiqtisodiyot;

–chorvachilikni rivojlantirish;

–oziq-ovqat xavfsizligi:

–agrologistika.

Veterinariya

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti negizida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti  ochilgan. Unda veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya, agrotexnologiya, agroiqtisodiyot tarmoqlari uchun oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanadi.

Shuningdek, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutida 2022/2023  o‘quv yilidan “Chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi” ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlanadi.

Konchilik

Navoiy davlat konchilik instituti Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti etib qayta tashkil etilgan. Universitetda sanoat, texnika-texnologiya, muhandislik sohalari uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanadi.

Universitet huzurida quyidagilar tashkil etildi:

–Nukus konchilik instituti;

–“Navoiy” ilmiy-texnologiya sanoat parki;

–Karmana politexnika texnikumi;

–G‘ozg‘on politexnika texnikumi.

Texnikumlarda sanoat, konchilik, metallurgiya, mashinasozlik, qurilish, energetika, elektrotexnika, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

To‘qimachilik

Bu yo‘nalishda Namangan to‘qimachilik sanoati instituti tashkil etildi. Institutda o‘quv jarayoni 2023/2024 o‘quv yilidan boshlanadi va kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi. 2024/2025 o‘quv yiliga qadar Institut huzurida to‘qimachilik texnoparki faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Chet tillari bo‘yicha

Chet tillari bo‘yicha Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti tashkil etildi. Institut yuridik shaxs maqomiga ega davlat OTM hisoblanadi. O‘quv jarayoni 2022/2023 o‘quv yilidan boshlandi.

2023/2024 o‘quv yilidan Institutning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarida fanlar majmuasidagi chet tili fanidan 4 ta ko‘nikmani (tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish) baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladi. Bunda:

chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon DTM tomonidan amalga oshiriladi;

– chet tili bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fandan o‘qishga kirish sinovlarida kasbiy (ijodiy) imtihonsiz maksimal ball beriladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ayni damda davlat, xususiy va xorijiy OTMlarni qo‘shib hisoblaganda 198 ta oliygoh faoliyat yuritadi.

 

Mavzuga oid
Top