18:46 / 07.01.2023
12425

Mirziyoyevning Qirg‘izistonga bo‘lajak tashrifi vazir va elchi ishtirokida muhokama qilindi

Uchrashuvda qirg‘iz-o‘zbek hamkorligining bugungi holati va istiqbolli yo‘nalishlari, davlat tashrifi arafasida belgilangan qo‘shma reja va loyihalar muhokama etildi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov 6 yanvar kuni Qirg‘iziston elchisi Musa Jamanboyev bilan uchrashdi.

Tomonlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga bo‘lajak davlat tashrifi nuqtai nazaridan qirg‘iz-o‘zbek hamkorligining bugungi holati va istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi. Davlat tashrifi arafasida belgilangan qo‘shma reja va loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

«O‘zbekiston prezidentining kutilayotgan davlat tashrifi avval erishilgan kelishuvlarni oliy darajada mustahkamlashi hamda Qirg‘iziston-O‘zbekiston strategik sherikligini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi», deyiladi Qirg‘iziston TIV xabarida.

Tomonlar diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash bo‘yicha qator muhim tadbirlarni o‘tkazish masalalarini muhokama qildilar.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 2022 yil dekabr oyida Qirg‘izistonga davlat tashrifi bilan borishi xabar qilingandi. Ikki davlat prezidentlari chegara bo‘yicha hujjatlarni imzolashi kutilgan edi. Biroq tashrif keyinga qoldirildi. Davlat tashrifi qachon amalga oshishi hozircha ma’lum emas.

Top