12:42 / 12.01.2023
6928

Yevropa kiyigi vaqtinchalik saqlash uchun Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi

Toshkent shahrining «Yangihayot» blokmaskani (Surum)da bir bosh Yevropa kiyigi (Yevropeyskaya lan – Dama (Servus) dama)ni fuqaro X.J. o‘z avtotransport vositasida tegishli hujjatlarsiz olib ketayotgani aniqlandi.

Ekologiya yangiliklari sayti ekologuz Telegram-kanalida xabar qilinishicha, 9 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda 2 yoshli “Yevropeyskiy layn” kiyigi sotilishi haqida e’lon berilgan. Unda kiyikning narxi uch ming dollarga baholangan.

Sayt jamoasi bu haqda Tabiat resurslari vazirligiga xabar beradi. Vazirlik Ichki ishlar vazirligi va Toshkent viloyati Milliy gvardiya xodimlari bilan birgalikda holatni o‘rganadi.

O‘tkazilgan surishtiruv davomida Yevropa kiyigining egasi ekanini vaj qilgan fuqaro B.L. va uning sherigi bo‘lgan X.J. voqea joyida tegishli hujjatlarni taqdim eta olmagan.

Shu sababli, ushbu holatga aniqlik kiritilgunga qadar Yevropa kiyigi vaqtinchalik saqlash uchun Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi.

Ma’lumot o‘rnida, mazkur tur yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiyaning (SITES) I ilovasiga kiritilgan.

Ushbu turlarni tijorat maqsadida eksport, reeksport va import qilish taqiqlanadi. I ilovadagi namunalarni chet elga olib chiqish uchun SITESning ham eksport, ham import ruxsati olinishi talab etiladi.

Top