08:52 / 15.02.2023
9855

So‘rov: AQShda demokratlar Baydenni yana nomzod sifatida ko‘rsatishni xohlamayapti

Ipsos so‘roviga ko‘ra, Demokratik partiya a’zolarining 52 foizi Baydenning AQSh prezidentlik saylovlarida qayta ishtirok etishini istamaydi.

Foto: Getty Images

AQShdagi Demokratik partiyaning aksariyat a’zolari bo‘lajak saylovlarda mamlakatning amaldagi prezidenti Jo Baydenni prezidentlikka ko‘rsatish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu haqda 14 fevral, seshanba kuni Ipsos instituti buyurtmasi asosida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga tayanib, Reuters xabar berdi.

So‘rov 6-13 fevral kunlari mamlakat bo‘ylab 4408 nafar katta yoshdagi respondentlar ishtirokida o‘tkazildi. Shu bilan birga, Demokratik partiya a’zolarining 52 foizi bo‘lajak prezidentlik saylovlarida Bayden nomzodini qo‘yishni istamasligini aytdi. Taqqoslash uchun: Respublikachilar partiyasi a’zolari orasida so‘ralganlarning 40 foizi AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp nomzodiga qarshi chiqdi.

"Xulosa qilib aytganda, ushbu so‘rov natijalari ko‘plab amerikaliklar Bayden g‘alaba qozongan 2020 yil noyabrdagi jangning takrorlanishini xohlamasligini ko‘rsatadi", deydi jurnalistlar.

Ipsos'ga ko‘ra, ko‘pchilik saylovchilar AQSh amaldagi prezidentining iqtisodiy siyosatidan mamnun emas. Hozir uni 36 foiz saylovchilar ma’qullagan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 42 foizni tashkil etgan edi. Bundan tashqari, noyabr oyida 81 yoshga to‘lishi kerak bo‘lgan Baydenni ko‘pchilik juda keksa deb hisoblaydi.

Hozircha Jo Bayden AQSh prezidentlik saylovlarida qatnashish niyatini rasman e’lon qilmagan. Biroq, u o‘z partiyasiga Kongressga saylovlarda kutilganidan ham yaxshi o‘tishga yordam bergani inobatga olinsa, praymerizda uning raqobatchisi bo‘lmasligi kutilmoqda, deb yozadi Reuters.

Bayden va Tramp vakillari so‘rov natijalariga matbuotda izoh berishmadi.

Top