18:18 / 21.02.2023
10575

«Realnaya investitsiya» ishining yangi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

Fuqarolarning 3 mln dollar mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishda gumonlanib qamoqqa olingan shaxs 9 oy o‘tib ozod qilingani ma’lum bo‘lgandi. Kun.uz mazkur ishning yangi tafsilotlarini aniqladi.

Foto: Sh.Eshniyozovning advokati taqdim etgan surat

«Realnaya investitsiya» MChJ direktori Shoxjahon Eshniyozovning advokati Kun.uz bilan bog‘lanib, tarmoqlarda shov-shuv bo‘lgan ishning qo‘shimcha tafsilotlarini ma’lum qildi. Ma’lum qilinishicha, «Realnaya investitsiya» MChJ ta’sischisi va direktori Shoxjahon Eshniyozov 2020-2022 yillarda xalqaro birjada savdo qilib berishni so‘ragan 560 nafar fuqarolar bilan og‘zaki va notarial tartibda qarz shartnomasi rasmiylashtirgan hamda jami 19 million dollar pul mablag‘larini savdoga kiritgan. 2022 yil 5 aprel kuniga qadar sarmoya kiritgan fuqarolarga 16 million dollarni xalqaro birjada savdo qilib, qaytargan.

Sh.Eshniyozov 2022 yil 5 aprel kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘tkazgan tezkor tadbirda qo‘lga olingan.

Unga nisbatan tergov harakatlari 2022 yil 20 oktabr kuni tamomlanib, ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudiga yuborilgan.

«Dastlabki tergov organi himoyam ostidagi Sh.Eshniyozovga Jinoyat kodeksining:

  •  168-modda 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik);
  •  179-modda (Soxta tadbirkorlik),
  •  188-1-modda 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat);
  •  243-modda 1-qismi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan ayb e’lon qildi.

Sud jarayonida Sh.Eshniyozovga sarmoya kiritgan 42 nafar fuqarolardan 31 nafari da’vo va e’tirozlari yo‘qligini bildirib davosidan voz kechdi. 11 nafar fuqaro xalqaro birjada savdo qilish uchun qarz sifatida sarmoya kiritgan pullariga da’vo qildi.

Sh.Eshniyozovga jazo tayinlashda – tergov jarayonida xatlangan jami 13 milliard 150 million so‘mga baholangan mol-mulk va naqd pullar qarzini to‘liq qoplashga yetarli ekanligini ma’lum bo‘ldi.

Sud Shoxjahon Eshniyozovning ayblovidagi Jinoyat kodeksining 188-1-modda 3-qismi “a” bandi, 243-modda 1-qismi hamda ayrim jabrlanuvchilarning epizodlari bo‘yicha 168-modda to‘rtinchi qismi “a” bandini JPKning 83-moddasi 2-qismiga asosan tugatib, reabilitatsiya qildi.  

Sud hukmi bilan Sh.Eshniyozov JKning 168-modda 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 179-modda (Soxta tadbirkorlik)larida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgan deb topildi va unga uzil-kesil 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shu bilan Jinoyat kodeksining 72-moddasi qo‘llanilib, Sh.Eshniyozovga 2 yil sinov muddati belgilandi va u qamoqdan ozod etildi.

Ofshor hududlardagi hisob raqamidan pul mablag‘larini yechib olish uchun ma’lum bir vaqt kerakligini inobatga olib, sud shunday qarorga keldi», - deyiladi Sh.Eshniyozovning advokati Doniyor Sobirov Kun.uz’ga taqdim qilgan ma’lumotda.

Advokatning ma’lum qilishicha, bugungi kunga qadar Sh.Eshniyozov sarmoya kiritgan fuqarolarga berilmay qolgan pullardan 1 milliard so‘m to‘lab bergan, qolgan qarzlarini qoplash choralarini ko‘rmoqda.

Bundan tashqari, hozirda Mirobod tuman prokuraturasi tomonidan kiritilgan protest asosida ish Toshkent shahar sudida apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilmoqda.

Top