O‘zbekiston | 22:20 / 25.01.2021
92297
15 daqiqa o‘qiladi

Trampning Qarshi-Xonobod harbiy bazasida xizmat o‘tagan AQSh faxriylari bo‘yicha farmoni nimani anglatadi?  

2001-2005 yillarda Afg‘oniston aksilterror kampaniyasida ishtirok etish uchun O‘zbekiston havo, suvi va yeridan toblangan 15 ming 777 nafar amerikalik harbiy xizmatchining 75 foizi, ya'ni 11 ming 832 nafari saraton va boshqa kasalliklarni orttirgan. Tabiatan toblangan O‘zbekistonning mahalliy aholisichi?

Foto: Johnny Lee

AQShning 45-prezidenti Donald Tramp lavozimidan ketishidan bir kun avval, 2021 yil 19 yanvarda O‘zbekistonga aloqador bir hujjatga imzo chekdi. Ijro uchun shart hisoblanuvchi prezident vakolatlari doirasida qabul qilingan, hozirda arxivga tushgan, Tramp davri ma'lumotlari vebsahifasidagi farmon to‘liq shaklda «O‘zbekistonda xizmatni o‘tagan faxriylarga vasiylik qilish to‘g‘risida» deb nomlanadi.

Unda D.Tramp Qo‘shma Shtatlarda bu masala bo‘yicha shug‘ullanuvchi, mas'ul va alohida idoralar – Faxriylar masalalari vazirligi va Mudofaa vazirligiga O‘zbekistonning Qarshi-Xonobod aerodromida maxsus harbiy xizmatni o‘tagan o‘z askarlarini jangovar amaliyotlar o‘chog‘ida ishtirok etib qaytgan urush faxriylari maqomiga tenglashtirish AQSh yuridik hujjatlari va qonunchiligi bo‘yicha naqadar muvofiq ekanligini ko‘rib chiqish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, unda buyruq qabul qilingan kundan boshlab 365 kun mobaynida AQSh Mudofaa vazirligiga Amerika Qurolli kuchlari a'zolari joylashtirilgan O‘zbekistondagi baza atrof-muhiti tufayli safarbar etilganlarning toksik ta'sirlanishlariga doir masalalar bo‘yicha sinchkovlik bilan surishtiruv o‘tkazish, tadqiqot xulosa va natijalari umumlashtirilgan hisobotni esa Faxriylar masalalari vazirligi orqali prezidentga taqdim etish topshirig‘i qo‘yilgan.

Qarshi-Xonobod harbiy bazasi

O‘rganish bo‘yicha hisobot o‘z ichiga quyidagi ikki asosiy jihatni qamrab olishi lozimligi belgilangan:

1) 2001 yil 1 oktyabrdan to 2005 yilning 31 dekabriga qadar bo‘lgan davrda aviabazadagi sharoitga batafsil baho berish, shu jumladan, ushbu davrda havo bazasini ifloslantirgan har qanday toksik moddalarni aniqlash, toksik moddalarning aniq joylari va ta'sir qilishning yaqin, o‘rta, uzoq muddatlari, toksik moddalarga duchor bo‘lgan harbiy xizmatchilar va ularning holatlarini o‘rganish.

2) Zikr etilgan davrda sog‘liq uchun zarar asoratlarini epidemiologik nuqtai nazardan puxta o‘rganish, orttirish taxmin qilinuvchi xastaliklar tashxisiga aynan harbiy xizmat va uning muhiti sabab bo‘lgan yoxud bo‘lmaganini ilmiy asoslangan holda aniqlash maqsad qilib ko‘rsatilgan.

Ma'lumot uchun, amerikaliklar K-2 («key-tu») deb atovchi Qarshi-Xonobod harbiy infratuzilmasi 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin Afg‘onistonda aksilterror harakatlarini amalga oshirish uchun Vashington boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlariga operatsiya o‘tkaziladigan muddatga berilgandi.

Hatto prezident kichik Jorj Bush global «Mahv etilmas ozodlik» harbiy operatsiyasini boshlashidan ikki kun avval 2001 yil 5 oktyabrda muhim kelishuvlarga erishish hamda o‘zbek tomonining hal qiluvchi roziligini olish maqsadida AQSh Mudofaa vaziri Donald Ramsfeld shoshilinch ravishda O‘zbekistonga tashrif buyurib, Islom Karimov bilan uchrashadi.

Yaqin-yaqinlargacha o‘zbekistonliklar uchun ham noma'lum bo‘lgan ushbu aerodrom 1954 yilda ishga tushirilib, undan Koreya urushi (1950-1954)dan keyin va sovet-afg‘on (1979-1989) harbiy amaliyotlari davomida faol foydalanilgan.

Xo‘sh, siyosiy qarash va fuqarolik mavqelari bo‘yicha parchalangan mamlakatni ortida qoldirar ekan, Donald Tramp K-2 faxriylari ustidan g‘amxo‘rlik qilishga qanday fursat topdi? Bu masala aslida anchadan beri pishib yetilayotgan edi.

Bunga avvalambor, 2019 yil dekabrda Vashingtonda chop etiluvchi ta'sirli McClatchy nashrida chop etilgan O‘zbekiston yer, suv va havosidan toblanib, zamon zayli bilan xizmatini o‘tashga to‘g‘ri kelgan kamida 61 erkak va ayol amerikalik harbiy xizmatchining sirli ravishda saraton kasaliga mubtalo bo‘lgani yoki vafot etgani haqidagi surishtiruv turtki bo‘ladi.

Foto: Tony Harris

Maqolada ushbu missiya maxfiy bo‘lgani bois maxsus xizmat safidagilar bu statistikaga kiritilmay qolib ketgani, aslida vaziyat ancha mudhish bo‘lishi mumkinligiga ishora qilinadi. Shuningdek, unda keltirilishicha, Afg‘onistondagi operatsiyalarni kechiktirib bo‘lmasligi bois, uxlash, ovqatlanish, yuvinish va ishlash uchun chodirlar shaklida barpo qilingan harbiy lager zaharlangan xavfli zamin ustiga qurilgan.

Pentagon tomonidan xavfli zona sifatida tavsiflangan joy yon-atrofida 1993 yilda portlash sodir bo‘lgan aslaha saqlash omborxonasi, 1-3 metr qazisa ham qora shilimshiq aviayonilg‘i chiquvchi tashlandiq xandaqlar, abgor holatdagi havo uchoqlariga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasi hamda kimyoviy chiqindilardan yashil tusni olib tovlanib qo‘lansa hid taraluvchi ko‘lmak hovuz ham mavjud bo‘lgan. Oxirgi obekt 1987 yildagi AQSh razvedka kartografik suratlarida tasmalangan bo‘lgan. Shuningdek, sovet aslaha zaryadlarini yakson qilish natijasida asbest va faolligi past darajadagi radioaktiv uran bilan boyitilgan hajmi katta bo‘lmagan zararlangan yer sathi bo‘lgan. 

Joy muayyan vaqt kengaytirilib, xavfli, deb hisoblangan yer va bug‘ chiquvchi sathlarga yangi tuproq va shag‘allar yotqizilgan, joyni epaqaga keltirib tozalash uchun 8 oy vaqt ketgan. Ammo askarlar do‘ngalaklar ichida o‘zlarini akvariumning ichida yotgandek his etishgan. Mavsumga qarab chang-to‘zonli garmsel, yomg‘ir yoqqanida harbiy shaharchani suv bosgan, nurlanish yer ostida bo‘lgan.

Foto: Tony Harris

K-2 faxriylarni taajjubga solayotgan narsa Qarshi-Xonobod radiatsiyadan nurlangan hudud ekanligi haqida Pentagon 2001 yilning oktyabridayoq xabardor bo‘lgan. O‘shanda shaharchani AQSh kuchlari kelishi uchun tayyorlashda ishtirok etgan o‘zbek ishchilari ham birin-ketin kasal bo‘lib qolishgandan so‘ng, AQSh Markaziy qo‘mondonligi bazadagi xavf-xatarlarga tegishli baho berish uchun o‘z tekshiruvini o‘tkazib, «aerodrom joylashgan zaminning ifloslanishi u yerga joylashtirilgan AQSh kuchlari sog‘lig‘i uchun xavf tug‘diradi», deb qayd etgan.

Boshqa bir hujjatda «bu joyni axlatxona, deb atash chiqindixonalarga nisbatan haqoratomuz kalom bo‘lib hisoblangan bo‘lar edi», deyilgan kinoya bilan. Bundan tashqari Amerikaning aqchasiga ichidan zil ketgan sho‘ro davri bazasining tashlandiq angarida in qurib olgan minglab zaharli ilonlarni tozalashdan boshlanib, so‘ngra u gavjum harbiy-gumanitar nuqtaga aylantirilgan.

Ammo, shu bilan birga 2002 yilda K-2ga safarbar etilib, 2009 yilda buyrak saratoniga chalingan zaxiradagi kapitan Ken Richardsning so‘zlariga ko‘ra, 11 sentyabr voqealariga zudlik bilan javob berish uchun o‘sha kezlari AQSh ixtiyorida boshqa kam yaxshi imkoniyatlar mavjud bo‘lgan. O‘zbek tomoni taqdim etgan yaxshi sabablardan biri xavfsizlik bo‘yicha hech qachon muammo bo‘lmagan.

Shuningdek, McClatchy surishtiruvida saratonga chalinib, davolanish uchun tegishli hujjatlarini taxlay olmay joni halak bo‘lgan marhum katta serjant Jyeffri Skinner taqdiri haqida to‘xtaladi. U davolanish uchun Faxriylar masalalari vazirligining tibbiy yordam imtiyozlarini olish va ularning xizmati zararli bo‘lganiga ishontirish uchun Mudofaa vazirligidan arxiv hujjatlarini so‘ragan bo‘ladi. Ammo uning murojaatlari javobsiz va yechimsiz qolib 2017 yilda olamdan o‘tadi.

Birin-ketin saflari torayayotgan faxriylar doim aloqada bo‘lib turish va ma'lumotlarni tizimlashtirish maqsadida Feysbukda o‘zlarining «K-2 Qarshi-Xonobod O‘zbekiston radiatsiya va toksik nurlanishlar» nomli yopiq guruhini ochishadi. Hozirda unga 4,7 ming kishi a'zo. Faollar o‘z harbiy qismlarining nomi bilan ataluvchi «Ozodlik qal'asi» jamg‘armasini ishga tushirishadi. Unga ko‘ra bazada har doim 1300 nafardan kam bo‘lmagan harbiy xizmatchilar bo‘lgan, 2001-2005 yy. mobaynida esa rotatsiya bo‘yicha 10,100 dan 15,777 gacha AQSh qo‘shinlari kelib ketgan.

Keyinchalik AQSh Kongressida guvoh sifatida so‘zga chiqqan, saratonga chalinib, ushbu Feysbuk guruhini yuritayotgan Pol Vaydner McClatchy’ga bergan intervyusida Feysbuk guruhiga a'zo bo‘lishni istamagan harbiylar ham borligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «u dafn marosimlariga bormay qo‘ygan, chunki ularning miqdori haddan ziyod oshib ketgan».

Bu xabarlarni o‘qib va ikki vazirlikning sovuqqonligidan sochi tikka bo‘lgan AQSh Kongressining Nazorat va islohot qo‘mitasi raisasi Kerolin Meloni va Milliy xavfsizlik ostqo‘mitasi raisi Stiven Linch 2020 yil yanvarda o‘z surishtiruvlarini boshlab, Faxriylar va Mudofaa vazirliklariga mavzuga daxldor barcha maxfiy va nomaxfiy hujjatlarni 10 kun ichida taqdim etishlarini so‘rab so‘rovnoma jo‘natadi. Lekin hech qaysi idora bu vaqtning ichida ma'lumotlarni taqdim etmaydi.  

Kongressmenlar 2020 yil 27 fevralda Xonobodda xizmat qilib qaytgan, saratonga chalinib, hozirda tegishli tibbiy yordam ololmay sarson bo‘layotgan harbiylar ishtirokidagi eshituvni tashkil etadi. Unda so‘zga chiqqan katta serjant Pol Vaydner, O‘zbekisonda 2001-2005 yillar mobaynida 5 marotaba jami 22 oy bo‘lganini, saratonga chalinganlar 61 emas, unda 2019 yil dekabr holatiga ko‘ra 400 nafar harbiy xizmatchining ro‘yxati borligini, harbiy rahbariyat toksik moddalarning mavjudligini bila turib, tegishli himoya vositalari na tavsiya etilib, na berilganini ma'lum qiladi.

Qonun chiqaruvchilar mart oyida faxriylarning ahvoli og‘irligini eslatib, javobni tezlashtirish bo‘yicha ikkala vazirlikka yana xat jo‘natishadi. Aprel oyida Faxriylar vazirligi vebsaytida K-2 to‘g‘risida ma'lumot sahifasini ochgani, masalani o‘rganib chiqayotganini ma'lum qiladi. Hozircha yagona ilmiy asoslangan manba 2015 yilda AQSh Qurolli kuchlari tibbiy jurnalida chop etilgan maqolada K-2da xizmat qilganlar Janubiy Koreyada xizmat qilganlardan ko‘ra 5.6 gacha ko‘p marotaba turli onkologik kasalliklarga moyildirlar. Jadvalda (72 b.) keltirilgan 20 ga yaqin onkologik xastaliklar Vetnam urushida qo‘llanilgan «Oranj» reagenti qurbonlari orttirgan leykoz, limfogranulematoz va h.k. kasalliklarga o‘xshash dardga duchor bo‘lishgan.

Mudofaa vazirligining ko‘p varaqli 10 dan ortiq yopiq hujjatlari faqat 2020 y. yozga kelib jamoatchilikka birinchi bor e'lon qilinadi. Unda haqiqatda harbiy xizmatchilar radiatsiya va toksik zaharlanishga moyil muhitga ro‘baro‘ kelganlari ilk bor tan olinadi.

Kongress 2020 yil 18 noyabrda endi ikki vazirlik mutasaddilari ishtirokidagi ikkinchi eshituvini uyushtiradi. Bu uchrashuvda Mudofaa vazirligi vakili harbiy xizmatchilarning soni so‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra 15,777 nafar bo‘lganini tasdiqlaydi. O‘sha haftada O‘zbekiston delegatsiyasi AQShda bo‘lib turgan kunlari edi.

K-2 iqlimi noqulay bo‘lgan hududlar reyestriga kiritilmagani bois yuzlab, balki minglab harbiy xizmatchilar o‘z vaqtida tegishli tibbiy xizmatdan bahramand bo‘la olmay aziyat chekkanlar. Mazkur masala Qo‘shma Shtatlardagi vaqti-vaqti bilan hukmron bo‘luvchi ham respublikachilar, ham demokratlar mushtarak fikrga kela olgan noyob hujjatlardan biridir. Bu fikrni qo‘llab-quvvatlab 20 dan ortiq faxriy harbiy tashkilotlarni birlashtiruvchi Amerika harbiylari orasida toksik ta'sir (TEAM) konsorsiumi ham kongressmen va senatorlarga qo‘shma maktubini jo‘natadi.

Dekabrga kelib va nihoyat budjet sarf-xarajatlari qat'iy nazorat qilinuvchi 2021 yilgi AQSh Milliy mudofaa budjeti bandlariga aynan prezident Tramp farmoni matnida keltirilgan puxta tadqiqot o‘tkazish masalasi kiritilib, unga faqat bitta qo‘shimcha jumla O‘zbekiston Afg‘oniston va Iroq bilan bir qatorda turuvchi ochiq havoda chiqindilarni yoqishdan zararlanish davlatlari reyestriga qo‘shilgan.

Umuman olganda, Rend «aql markaz»ida chop etilgan tahliliy maqolaga ko‘ra, albatta Qarshi-Xonobod Qo‘shma Shtatlarning birinchi tanlovi bo‘lmagan. Ammo O‘zbekiston o‘zining hech qaysi fuqaro aviatsiyasi bandargohida harbiylar hozir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini juda istagan. 2005 y. O‘zbekiston tomoni AQShning Toshkentdagi Elchixonasiga diplomatik nota yuborish orqali Xonoboddagi amerikaliklarga 180 kun davomida mamlakat hududini lutfan tark etishlarini so‘raydi. O‘shanda Germaniya ham Termizdagi harbiy imkoniyatlardan foydalanib turgan vaqtlar edi, ammo negadir nemis tarafiga bunday talab qo‘yilmaydi. Bunga asosiy sabab Andijon voqealaridan so‘ng Qirg‘izistonga qochib o‘tgan 450 nafar o‘zbekistonlikni AQSh tomoni maxsus reys bilan Ruminiyaga uchirtirib yuborgani bo‘ladi. Vashington ham obektdan foydalangani uchun to‘lashi rejalashtirilgan ijara haqni to‘lashni to‘xtatib qo‘yadi.  

Parchalangandan keyin ham hududi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turuvchi va ekologik masalalar kun tartibida umuman bo‘lmagan sovet hukumatining yaroqsiz qurol-aslahalarni yerga ko‘mish an'anasi ilk bora uchramayapti. Ikkinchi jahon urushida panaroq joyga – Qozog‘iston va O‘zbekistonning endi Orolqumga aylanib bo‘lgan Orol dengizidagi «Vozrojdeniye» oroliga harbiy biokimyoviy poligon ko‘chirtirib olib kelingan. 1992 yilda tashlandiq qoldiqlar ko‘milib, hozirda u dunyodagi eng katta kuydirgi qabristoni hisoblanadi.

1995 yilda Rossiya O‘zbekiston tomoniga bu orolda qanday kimyoviy va biologik qurollar sinalgani va ko‘milganligi to‘g‘risidagi axborotni berishdan bosh tortganidan so‘ng, Toshkent AQSh bilan hamkorlikda ushbu xavfli joyni zararsizlantirish bo‘yicha bitimga imzo chekadi. Fazogirlar kabi maxsus kiyimlarni kiyib tadqiqot olib borgan amerikalik biolog mutaxassislarga ko‘ra, «virus hali ham yashovchan va uni butunlay zararsizlantirish nihoyatda qimmatga tushadi». Matbuotda mashhur bo‘lgan «Novichok» reagenti ustidagi eksperimentlar ham 1980-yillarda qisman Nukusdagi laboratoriyada amalga oshirilganiga oid xabarlar matbuotda uchrab turadi.   

Zabixulla Saipov
siyosiy fanlar nomzodi, mustaqil tadqiqotchi

Mavzuga oid