Jahon | 21:00 / 08.03.2018
4551
2 daqiqa o‘qiladi

Pragada Zemanning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tdi

Foto: CTK

Bugun, 8 mart kuni Praga shahrida Chexiya Respublikasi prezidentligiga ikkinchi muddatga saylangan Milosh Zemanning inauguratsiya marosimi o‘tkazildi. Marosim milliy parlamentning quyi va yuqori palatalari qo‘shma yig‘ilishiida bo‘lib o‘tdi. Ko‘hna imperatorlik saroyidagi Vladislav zalida kechgan marosimda siyosatchilar, fan va madaniyat xodimlari, hamda xorijlik mehmonlar ishtirok etishdi.

«Chexiya Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilishga qasamyod qilaman. Chex xalqi manfaatlari yo‘lida vazifamni bajaraman», degan u mamlakat konstitutsiyasiga qo‘lini qo‘yib.

Zeman fevral oyi oxirida kechgan prezidentlik saylovida 51,36 foiz ovoz olib (asosiy raqibi Irji Dragosh 48,46 foiz), yana 5 yil Chexiya rahbariga aylangandi.

Zeman Vatslav Gavel va Vatslav Klausdan keyingi, Chexiyaning uchinchi prezidenti hisoblanadi. U mamlakatni 2013 yildan buyon boshqarib kelmoqda.

Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, u aprel oyida Slovakiyaga tashrif buyuradi. U shuningdek, Polsha, Germaniya, Avstriya va Vengriyaga borishni rejalashtirgan.

Milosh Zeman tashqi siyosatda Rossiya bilan hamkorlikni kuchaytirishga urg‘u qaratadi. U shuningdek, Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlab bormoqda.

Mavzuga oid