Oiladagi kamsitishdan – Turkiyadagi uqubatlargacha. Ikki marta sotib yuborilgan qiz hikoyasi
“Hamidbeyning uyidagi ko‘rgiliklarim oldida hammasi holva ekan. Qul kabi ezildim bu uyda, it kabi xor bo‘ldim, inson tasavvuriga sig‘mas darajada qo‘llarim zanjirband saqlandim hatto. Umrimda eshitmagan holatlarga tushdim, xo‘rlandim, zo‘rlandim...”
Kun.uz'ning “Hayotiy hikoyalar” rukni xorijda o‘z vatandoshlari tomonidan ikki marta sotilgan vatandosh qiz taqdiri haqida hikoya qiladi.
“Uch kun avval Turkiyadan qaytib keldim. 22 kun u yerda bo‘lgan bo‘lsam-da boshimdan shunchalik ko‘p narsa o‘tdiki, bularni aytib bermasam bo‘lmaydi”. Elektron manzilga yo‘llangan bu maktub egasining hikoyasi qiziqish va hayrat uyg‘otib, u bilan ko‘rishishga qaror qildik.
Hikoya qahramoni va yana bir nechta qiz suhbatimizdan bir necha kun avval “O‘zbek xotin-qizlarining huquqlarini himoya qilish jamiyati” orqali Turkiyadan O‘zbekistonga olib kelingan edi.
***
Oyog‘imdagi nuqson sabab o‘zimni to‘laqonli insonlar safida ko‘ra olmaganman
Yoshim 22 da. Oilada uch farzandning to‘ng‘ichiman, mendan keyingi singlimni uzatganmiz, ukam bor. Oilaviy sharoitimizni unchalik yaxshi deb bo‘lmaydi. Otam ustachilik bilan shug‘ullanadi, onam uy bekasi, o‘zim 350 ming nogironlik nafaqasi olaman.
Yoshlikdan sog‘ligimda ozgina aybim bor – bir oyog‘imda biroz oqsash bo‘lgani uchun 2-guruh nogironiman. Shu sababli bolaligimdan nuqsonimdan uyalaman. Oilamizda ham bu kamchiligim bilan turmushga chiqa olmasligim haqida gapiriladi. Shuning uchunmi, o‘zimni boshqalar kabi erkin his qila olmayman. Orzularim juda ko‘p edi: o‘qishni, ishlashni, o‘z hayotimni qurishni va o‘z o‘rnimga ega bo‘lishni istardim. Lekin orzularning amalga oshishi ishonchga, qat’iyatga ham bog‘liq ekan.
Bizda shunday qadriyat borki, opasidan avval singil turmushga uzatilsa, bo‘ldi tamom, shu bilan opaning qandaydir “aybi” borligiga hukm chiqariladi.
Iztiroblarimdan foydalangan yigitga ishonib, aldandim
O‘zimni shunday sanab yurgan vaqtda hayotimda bir yigit paydo bo‘ldi: uylangan, ammo ajrashgan edi. Menday nogiron, ustiga ustak “o‘tirib qolgan” qizga boshqa kim ham teng bo‘lishini o‘ylab u bilan gaplashdim. Oqibatda boshimga tushajak savdolarni bilsam edi, bugun bu holga tushmasmidim...
Hamma iztiroblarim haqida bilgan yigit bundan unumli foydalandi – men uning so‘zlariga ishonib aldandim. Endi bir tashvishim ustiga ming tashvish qo‘shildi. Bu haqda xabar topgan yaqinlarim g‘alva ko‘tarishdi, meni buzuqdan olib, buzuqqa solishdi. Menga nisbatan hammaning munosabati shu qadar yomon ediki, o‘z ota-onam ham menga nafrat ko‘zi bilan qarashardi.
Uydayam, ko‘chadayam halovatim yo‘qoldi. Sog‘ligimda yetishmovchilik bo‘lsa-da, betashvish, bexavotir yashagan kunlarimning qadriga yetmagan ekanman. O‘zimni hech kimga keraksiz, ortiqcha odamday his qilardim. Bosh olib ketishni istardim va shunday qildim.
Kulfatlarimning boshlanishi...
Shu orada yigit meni xolasi Bonu opa bilan tanishtirdi va unikida ma’lum muddat yashab turdim. Chalg‘ish maqsadida ish qidirdim, qo‘limdan keladigani – chevarchilik edi. Ammo bundayam ko‘p ishlolmadim. Men ishlayotgan sex ayrim muammolar sabab faoliyatdan to‘xtatildi. Yana ish qidira boshladim.
Bonu opaning qo‘shnisi Turkiyaga turmushga chiqishni yoki ishlashni istagan qizlarga ketishlari uchun yordam berarkan. U menga bir nechta turli yosh va ko‘rinishdagi erkaklar suratlarini ko‘rsatdi, aytishicha ular o‘zbekistonlik qizlarga uylanish niyatini bildirishgan ekan. Turmush qurish istagim yo‘qligini, ish bo‘lsa jon deb ishlashga borishimni aytdim. Shundan so‘ng hammasi jadallashib ketdi – Turkiyaga ketish uchun harakat boshladim.
Shu orada qo‘shni ayolning Bonu opaga pul berganini ko‘rdim. Qarzi bordir yoki boshqa sabab degan o‘yda e’tibor bermadim. Keyin bilsam, u har bir topilgan qiz uchun opaga qizning yoshiga, husniga qarab ma’lum miqdorda pul berar ekan. Ya’ni belgilangan “stavka” – 20 yoshdan oshmagan qizlarga 200 AQSh dollari, undan yuqorisiga 50–100 dollardan berishar ekan.
Ozgina mehr sabab ketgim kelmay qoldi. Ammo...
Ketish oldi uydagilarni xabardor qilish uchun uyga bordim. Onamning menga munosabati yaxshi tarafga o‘zgarganini sezdim. Ozgina bo‘lsa-da mehrni his qilgan yuragim endi uzoq begona yurtga ketishni istamay qoldi. Fikrimdan qaytganimni bildirganimda “opa”lar buning iloji yo‘qligini, aks holda uyimga kelib to‘polon qilishlari mumkinligini aytishdi. Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, oilamdagilarning oldida holim nima bo‘lishi ayon edi. Angladimki, ketishdan boshqa iloj yo‘q.
Mendan tashqari yana ikki qiz va bizni ishga joylash uchun olib borayotgan opa bilan O‘sh orqali Istanbulga uchdik. U yerda narsalarimizni olishni kutar ekanmiz, opa menga katta xushxabari borligini aytdi. Uning shu yerda yashaydigan va nufuzli lavozimda ishlaydigan tanishi menga yordam berishini, oyog‘imni shifokorlarga ko‘rsatishini aytibdi. Bundan shu qadar xursand bo‘ldimki, ishonchsizlik bilan berilgan savollarimga uning savob uchun qilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Opa boshqa qizlarni ishga joylashi kerakligini, bir o‘zim ketishimni aytgach noiloj bir o‘zim Anqaraga uchdim. U yerda meni 60 yoshlar atrofidagi kishi kutib oldi va olib borib bir uyga joylashtirdi.
1000 dollarga sotilgan ekanman
Ismini Hamidbey deb tanishtirgan kishining men tushimda ham ko‘rmagan joyda joylashgan uyidagi ko‘rgiliklarim oldida hammasi holva ekan. Qul kabi ezildim bu uyda, it kabi xor bo‘ldim, inson tasavvuriga sig‘mas darajada qo‘llarim zanjirband saqlandim hatto.
Umrimda eshitmagan holatlarga tushdim: xo‘rlandim, zo‘rlandim. Qochish uchun ham urinib ko‘rdim, uddasidan chiqolmadim. Hamidbey meni 1000 dollarga sotib olganini, menga uylanmoqchiligini aytdi. U bilan yasholmasligimni, meni o‘zim bilan kelgan qizlarning yoniga qaytarishni so‘rab yalinib-yolvordim. Qattiq jahli chiqib ketdi, ammo ketishimga qarshilik qilmay telefon va hujjatlarimni qaytarib berdi. Faqat menga to‘lagan pulini qaytarmasam, yerning tagidan bo‘lsayam topishini aytdi. Qahraton qishda, ayni qalin qor yog‘gan kunlarda ko‘chada qolsam-da, undan qutulganimga shukur qilib chiqib ketdim.
Vatandosh qizlarni Telegram orqali arang topib bordim. Yetib borib birinchi qilgan ishim internet orqali Telegram'da hamma tanishlarimga bitta smsni yubordim: “Meni sotib yuborishdi. Yordam bering, meni bu yerdan qutqaring”. Ishqilib harakatlarim samarasiz qolmadi: taqdir meni o‘z qishlog‘imdan kelib shu yerda ishlaydigan ayol Ruxsora opaga ro‘para qildi.
“Bu qiz senga. Menga 1000 dollar berib, keyin pulingni ikki hissa qilib chiqarib olasan”
Ruxsora opa bu yerda oilasi bilan yashar ekan. Shungami, opaga nisbatan ishonchim bor edi. Ammo bir haftalar o‘tib u ham meni bir joyga yetaklab bordi va o‘zbekistonlik qizlar bilan tanishtirdi. Gap orasida ularning ichida yoshi kattarog‘iga: “Bu qiz senga. Menga 1000 AQSh dollari berib, keyin pulingni ikki hissa qilib chiqarib olasan. Undan keyin bunga bilet olib berib jo‘natvorasan”, dedi.
Qayerga kelganimni va ular nima ish bilan shug‘ullanishini tushundim. Men o‘z vatandoshim tomonidan ikkinchi marta sotilgan edim. Borar joyim, dodimni eshitadigan odam yo‘q edi.
Kechga tomon qizlar yasanib ko‘chaga chiqishar edi. Borgan joyimizning nomini bilmayman, lekin eski, xaroba bir yer edi. O‘sha yerda ular “mijoz” kutishar ekan. Bilardimki, ular bilan “hamkasb” bo‘lishim yoki qutulish chorasini topishim kerak edi. Hujjatlarim ularning qo‘lida, aytganlarini qilmasam qattiq kaltaklanardim.
Ular men uchun sarflagan pulni qanday bo‘lmasin chiqarmaguncha ketolmasligimni bilib, O‘zbekistondagi xolamga Telegram orqali bog‘lanishga ruxsat so‘radim. Men uchun pul jo‘natishini, keyin bu yerdan ketishim va hech kimga churq etmaslikka va’da berdim. Telefonimni so‘rab olib xolamga vaziyatni yotig‘i bilan tushuntirdim va u tez orada pul yuborishini aytdi. Shundan so‘ng pulni kutib ular meni boshqa bu “ishga” majburlashmadi.
Afsuski, o‘zi ham qo‘l uchida kun ko‘radigan xolamning ham buncha puli yo‘q edi. Lekin bir amallab Turkiyadagi “O‘zbek xotin-qizlarining huquqlarini himoya qilish jamiyati”ning telefon raqamlarini topib murojaat qilgan ekan. Bir necha kun o‘tib men yashayotgan manzilga politsiya bilan birgalikda jamiyat rahbari Ozoda opa keldi.
Avvaliga ularga ham ishonishim qiyin bo‘ldi. Xolamga telefon qilib berishgandan keyingina ishondim. Shu jamiyat yordamida yurtimga, oilam bag‘riga qaytdim.
Meni politsiya qo‘liga topshirishdan oldin ular haqida churq etmasligimni tayinlashdi. Lekin o‘zaro gaplarini bexos eshitganim uchun bunday qilolmayman. Hozir Andijondan bir oilaning uch qizi ularning oldiga “ishlagani” borish uchun tayyorgarlik ko‘rishyapti. Ularning ham boshiga mening kunim tushishi aniq. Taniganimda edi, uylariga borib xabardor qilgan bo‘lardim.
Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlashni istayman, farzandlaringizning biror kamchiligi uchun zinhor ishonchini so‘ndirmang. Ayniqsa qizlaringizni. O‘zimni oqlamoqchi emasman, lekin ko‘zi ko‘rmaydigan, oyog‘i yurmaydiganlar ham dunyoga tatigulik ishlar qilayotganini ko‘rdim. Bunga esa avvalo oiladagi bildirilgan ishonch, qo‘llab-quvvatlash sabab deb o‘ylayman. Bolangizni pul bilan qo‘llash shart emas, unga eng yaxshi va eng kerakli ekanini anglatishingiz kifoya. Shunda u adashmaydi, o‘z o‘rnini qayerlardandir axtarmaydi, birovlardan mehr kutmaydi.
Shu o‘tgan 22 kun mobaynida ko‘rgan-kechirganlarim ko‘z oldimdan ketmayapti. O‘sha qo‘rquv, xavotir, pushaymon meni tark etmaydi. Uyda ota-onam oldida ham boshim egik. Bu yog‘iga qanday yashashni bilmayman.
***
Xorijda sotilgan o‘zbek qizlarining ketishiga faqat moddiyat sabab bo‘lmagan
Qizni vatanga qaytarishda ko‘mak bergan “O‘zbek xotin-qizlarining huquqlarini himoya qilish jamiyati” psixologi Gulira’no Erolovaning aytishicha, unda kuchli ruhiy stresslar ta’siri saqlanib qolgan.
“Qiz og‘ir ruhiy holatni boshidan kechiryapti. Hozir uni reabilitatsiya markaziga joylashtirish choralarini ko‘ryapmiz. Chunki oilasida ham u o‘zini yaxshi his qila olmaydi. Oilaviy munosabatlar buzilgan.
Turkiyada shunday vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga yordam berishda bir narsaga amin bo‘ldimki, ularning yurtidan ketishlariga faqat moddiy sharoit sabab bo‘lmagan. Juda ko‘pchilik qizlar psixologik zarbalar oqibatida ketishni xohlab qolishadi. Ular uchun ishlab pul topish ikkinchi darajali masala. Birinchi navbatda atrofidagi odamlardan, muhitdan uzoqqa ketishni, boshqacha yashashni o‘ylashadi. Ya’ni oilada o‘zining o‘rni yo‘q, hayotga muhabbati, qiziqishi yo‘q, oiladagi ayollarning bir-biriga (onaning qiziga, opaning singlisiga) munosabati yaxshi emas, nisbatan yakdillik, o‘zaro tushunish yo‘q.
Qiz bolani, ayol kishini o‘z jinsdoshi, onasi, opasi, singlisi tushunmas ekan, xato qilmaslikka, xatodan xulosa qilmaslikka, o‘z o‘rnini topishga qanday o‘rgansin? Oilaviy munosabatlarda qiz bola tarbiyasi yuzasidan juda jiddiy kamchiliklarimiz bor. Buni tuzatmas ekanmiz, qizlarimiz shunday ahvolga tushmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi”, deydi u.
Suhbatimizni yakunlab xayrlashar ekanmiz, qizning oyog‘iga sezdirmay razm soldim. Oqsoqlanishi u darajada sezilmaydi, agar o‘zi aytmasa juda bilinarli ham emas. Ammo unga yoshlikdan uqtirilgan nogironlik tamg‘asi fikriga mutlaq o‘rnashib bo‘lgan. U ich-ichidan o‘zini nogiron va “past toifali odam” deb hisoblaydi...
Gulmira Toshniyozova yozib oldi.
Mavzuga oid
22:30 / 25.10.2024
Xitoyda 17 bolani o‘g‘irlab sotgan ayol o‘lim jazosiga hukm qilindi
15:55 / 09.10.2024
Toshkentda inson a’zolari oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan talaba jinoiy jazoga tortildi
20:17 / 27.09.2024
Qozog‘istonda o‘zining ichki organlarini qariyb 19 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
12:50 / 20.07.2024