O‘zbekiston | 15:00 / 17.02.2026
1394
4 daqiqa o‘qiladi

Misr va O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi hamkorligining yangi bosqichi sari qadam

"Uzagrostar Xolding" tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birga Misr qishloq xo‘jaligi tajribasi O‘zbekistonda tatbiq etiladi. Kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish, rezavor mevalar yetishtirish, ilmiy-hamda amaliy tajriba almashish Misr qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda yirik tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. O‘zbekiston delegatsiyasining Misrga xizmat safari davomida manfaatli kelishuvlarga erishildi.

3-5 fevral kunlari Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha kengash raisi S. Annaklichev, “Turonbank” ATB raisi Ch. Mirzayev, “Uzagrostar Xolding” direktori F. Muhiddinov hamda “Bulung‘ur – Agro Star” direktori M. Bozorboyev ishtirokida Misrga xizmat safari tashkil etildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimizning Qohiradagi elchisi Mansur Qilichev bilan birgalikda Misrda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan tanishdi, tizimli va doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida bir nechta manfaatli hujjatlar imzolandi.

Dastlab, “EFC Plans Tissue Culture S.A.E.” kompaniyasi ijrochi direktori M. Salama bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda kartoshka urug‘chiligi va mahsulot yetishtirishni rivojlantirish bo‘yicha turli yo‘nalishlarda hamkorlik qilish nazarda tutilgan.

Keyingi bosqichda “Bulung‘ur Agro-Star” ixtisoslashgan kompaniyasi, “EFC Plans Tissue Culture S.A.E.” kompaniyasi, O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi hamda Misr Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida kartoshka mini-tuganaklarini yetkazib berish va yetishtirish bo‘yicha O‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Mazkur hujjatga muvofiq, Misr kompaniyasi “Hermes” navli G0 avlodiga mansub 250 ming dona kartoshka mini-tuganaklarini O‘zbekistonga olib keladi.

Shuningdek, loyihaga mas’ul sifatida Misr kompaniyasining ilg‘or mutaxassislari O‘zbekistonga yuboriladi. Ular Samarqandda urug‘ yetishtirish, yer tayyorlash, ekish va hosilni yig‘ish jarayonlarida bevosita ishtirok etib, o‘z taklif va tavsiyalarini berib boradi. Shuningdek, sug‘orish va o‘g‘itlash dasturlarini ishlab chiqadi.

Ma’lumot uchun, G0 avlodi — laboratoriya sharoitida viruslardan xoli holda yetishtiriladigan eng toza urug‘ avlodi hisoblanadi.

Misr qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi direktori A. Abdelazeyem bilan o‘zaro anglashuv memorandumi ham imzolandi.

U quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni ko‘zda tutadi:

— Kartoshka ishlab chiqarish va urug‘chiligini rivojlantirish;

— Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va organik o‘g‘itlardan foydalanishni kengaytirish;

— Noyob ekin navlarini ishlab chiqish, ro‘yxatdan o‘tkazish va tarqatish;

— Xurmo daraxti yetishtirish va xurmo ishlab chiqarish bo‘yicha Misr tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash;

— Chorvachilikda naslni yaxshilash va ilmiy-amaliy tajriba almashish.

Tashrif mobaynida O‘zbekiston delegatsiyasi Misrda amalga oshirilayotgan yirik agro-sanoat loyihasi “Mustaqbal Misr” (Egypt’s Future) kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.

Qohiradagi uchrashuvda yerosti suvlaridan samarali foydalanish va zamonaviy agroloyihalarni amalga oshirish tajribalari namoyish etildi. Delegatsiya “Yangi Delta” hududidagi yirik loyihalar bilan tanishib, amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami, rejalashtirish darajasi va ularning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi ahamiyatini yuqori baholadi.

MAFA (Magrabi Agriculture) kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralar ham muvaffaqiyatli yakunlandi. Uchrashuv davomida “Toshkent – Agro Star” bazasida qulupnay plantatsiyasini tashkil etish, xorijiy kompaniyaning ilg‘or agronomlarini O‘zbekistonga olib kelish va tajriba almashish borasida kelishuvga erishildi.

MAFA — Misrning yirik qishloq xo‘jalik kompaniyasidir. Uning asosiy faoliyati mevalar va sabzavotlar yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish. Kompaniya mahsulotlarini 55 dan ortiq mamlakatga eksport qiladi.

Reklama huquqi asosida

 
 
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish