Jahon | 13:41 / 14.04.2026
5313
8 daqiqa o‘qiladi

Yana Trampni qo‘llamagan ittifoqchilar, Estoniyada ushlangan rus josuslari va KXDRning raketa sinovlari – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh–Eron muzokaralari

Dushanba kuni AQSh harbiylari Eron portlarini blokada qilishni boshladi. Bu holat Tehronning g‘azabini qo‘zg‘atib, o‘ta muhim suv yo‘li atrofidagi mavhumlikni yanada kuchaytirdi.

Shunga qaramay, AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Eron u bilan aloqaga chiqqanini va kelishuv tuzishni xohlayotganini aytdi. U Tehronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga imkon beruvchi har qanday bitimni tasdiqlamasligini bildirdi.

Yakshanba kuni AQSh delegatsiyasiga boshchilik qilgan vitse-prezident J.D. Vens ham Pokistondagi muzokaralarda «katta yutuqlarga erishganini» aytdi. U Tehron bilan muloqot orqali AQSh qayerda «yon bosishi» mumkinligi va qayerda qat’iy turishini tushuntirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har qanday boyitilgan yadroviy material Erondan olib chiqilishi va yadroviy qurol ishlab chiqarmayotganini tekshirish mexanizmi shartligi haqidagi talab – qat’iy. Tehron «bizning yo‘nalishimizda siljidi, shuning uchun ba’zi ijobiy belgilar bor deyishimiz mumkin, ammo ular yetarlicha siljimadi», dedi Vens tafsilotlarni ochiqlamasdan.

Eronning BMTdagi delegatsiyasi dushanba kuni tashkilotga maktub yo‘lladi. Unda Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn, Qatar va Iordaniyadan Eronga tovon puli talab qilingan. Tehron bu davlatlar AQSh–Isroilning Eronga qarshi urushida o‘z hududlaridan foydalanishga ruxsat berganini da’vo qilmoqda.

NATO yana Trampni qo‘llamadi

13 aprel kuni NATO ittifoqchilari Donald Trampning Eron portlarini blokada qilish rejasiga qo‘shilmasligini bildirdi. Bu qaror Tramp g‘azabini qo‘zg‘atishi va alyans ichidagi taranglikni yana oshirishi kutilmoqda.

Tramp dastlab AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan kemalarni to‘sib qo‘yish uchun boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilishini aytgan edi. Keyinchalik AQSh harbiylari blokada faqat Eron portlariga boradigan yoki u yerdan kelayotgan kemalarga nisbatan qo‘llanishini aniqlashtirdi.

Urush 28 fevralda boshlanganidan beri Eron suv yo‘lini deyarli barcha kemalar uchun yopib qo‘ygan. Tehron bo‘g‘oz ustidan nazoratni doimiy qilishga va undan foydalanadigan kemalardan boj yig‘ishga intilmoqda.

Yevropaning qator davlatlari, jumladan, Britaniya va Fransiya kabi NATOdagi ittifoqchilar bo‘g‘ozda yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Ammo bu – faqat harbiy harakatlar barqaror to‘xtaganda va Eron bilan ularning kemalariga hujum qilinmasligi haqida kelishuvga erishilganda amalga oshadi.

«Biz blokadani qo‘llab-quvvatlamaymiz», dedi Britaniya bosh vaziri Kir Starmer. «Mening qarorim juda aniq: qanday bosim bo‘lmasin — va bu bosim ancha sezilarli bo‘ldi, biz bu urushga tortilish niyatida emasmiz», dedi Britaniya yetakchisi.

Hamkorlar jahon neft ta’minotining beshdan bir qismi o‘tadigan bo‘g‘ozni ochish bo‘yicha o‘zlarining diplomatik tashabbuslari ustida ishlamoqda.

Pedro Sanches Xitoyga keldi

14 aprel kuni Xitoy va Ispaniya yetakchilari munosabatlarni mustahkamlash hamda global tinchlik va taraqqiyotni himoya qilish haqida gaplashdi. Pekinga kelgan Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Xitoy prezidenti Si Jinping bilan uchrashuv o‘tkazdi. Si uchrashuv chog‘ida hozirgi xalqaro tartibni «yemirilayotgan» deb atagan.

Si qonun ustuvorligini qo‘llab-quvvatlash, «haqiqiy ko‘p tomonlama hamkorlikni birgalikda himoya qilish» uchun muloqot va ishonchni mustahkamlashga chaqirdi

Sanches esa xalqaro huquq qayta-qayta poymol etilayotganini ta’kidlab, tinchlik va farovonlikni targ‘ib qilish uchun yaqinroq aloqalar o‘rnatishga chaqirdi.

Joriy yilda Britaniya, Kanada, Fransiya va germaniyalik hamkasblari ortidan Xitoyga tashrif buyurgan Sanches dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyotini turli masalalarda kattaroq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga undadi.

Dushanba kuni u iqlim o‘zgarishidan tortib xavfsizlik, mudofaa va tengsizlikka qarshi kurashgacha bo‘lgan masalalarni sanab o‘tdi. Shuningdek, AQSh ushbu jabhalarning ko‘pidan chekinishga qaror qilgan bir paytda Yevropani o‘z harakatlarini ikki baravar oshirishga chaqirdi.

Ispaniya Yevropada savdoni kengaytirish va Xitoyni Tramp tasvirlayotgan iqtisodiy va geosiyosiy raqib sifatida emas, balki strategik ittifoqchi sifatida ko‘rish tarafdorlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Shimoliy Koreyaning yangi sinovlari

Shimoliy Koreya yakshanba kuni o‘zining «Choe Hyon» esminetsi operatsion samaradorligini sinovdan o‘tkazdi. KXDR davlat OAVlariga ko‘ra, sinovlarni mamlakat yetakchisi Kim Chen In yuqori martabali qo‘mondonlar hamrohligida kuzatgan.

Xususan, modernizatsiya qilingan navigatsiya tizimlarining aniqligini tekshirish maqsadida kemadan ikkita strategik qanotli raketa va kemalarga qarshi uchta raketa uchirilgan.

Xabarda aytilishicha, o‘sha kuni Kimga qurilayotgan yana ikkita esminets uchun qurol-yarog‘ tizimlari rejalari haqida ma’lumot berilgan.

Pxenyan sig‘imi 5000 tonnalik ushbu harbiy kemada qurollarni ilk bor 2025 yil aprel oyida sinovdan o‘tkazgan edi. Shundan so‘ng Kim 2026 yilda yana ikkita esminets qurish va har yili ikkitadan kemani foydalanishga topshirish rejalarini e’lon qilgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Shimoliy Koreya global «strategik chalg‘ishlar»dan foydalanmoqda va Yaqin Sharqdagi mojarodan xulosa qilmoqda.

Estoniyadagi rus josuslari

Estoniyada 2025 yil boshidan buyon Rossiya maxsus xizmatlarining rekord darajadagi ko‘p sonli ko‘makchilari — 16 kishi qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakat xavfsizlik politsiyasi rahbari Margo Palloson o‘z idorasining yillik hisobotida ma’lum qildi.

Ushbu shaxslarning aksariyati Rossiya Federal xavfsizlik xizmati uchun ishlagan. Bir qismi esa ilgari GRU nomi bilan mashhur bo‘lgan Rossiya harbiy razvedkasi agentlari bo‘lgan. Qo‘lga olinganlarning ikki nafari Rossiya fuqarosi, ikki nafari Estoniya fuqarosi, yana ikki kishi qo‘shfuqarolikka ega bo‘lgan. Shuningdek, ular orasida Isroil, Moldova va Ukraina fuqarolari ham bor.

«Rossiyaning barcha 16 nafar agenti faoliyati nisbatan erta bosqichda to‘xtatildi deb ayta olamiz. Ular Estoniya xavfsizligiga jiddiy zarar yetkazishga ulgurmadi», dedi Palloson.

Uning qayd etishicha, kiritilgan sanksiyalar Rossiyaning propaganda imkoniyatlarini cheklagan. Shu bois bu faoliyatning katta qismi ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chgan.

Yevropa Ittifoqi ham avvalroq Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi kurashda feyklarni fosh qilishdan ko‘ra, aholining media-savodxonligini oshirishga e’tibor qaratishga qaror qilgani xabar berilgan edi.

Le Monde nashriga ko‘ra, Rossiya chet eldagi targ‘ibot operatsiyalari uchun yiliga qariyb 1,3 milliard yevro sarflaydi. Yevropadagi ushbu kampaniyalar asosan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish hamda AQSh va NATOni obro‘sizlantirishga qaratilgan. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid