Jahon | 09:06 / 27.05.2024
5389
2 daqiqa o‘qiladi

Yerevanda namoyishchilar Pashinyanning iste’fosini talab qildi

Yerevanda minglab namoyishchilar yerlarning bir qismi Ozarboyjonga berilishiga qarshi chiqdi va Pashinyanning iste’fosini talab qildi.

Foto: RIA Novosti

26 may, yakshanba kuni Armaniston poytaxti Yerevanda minglab namoyishchilar mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan iste’fosini talab qilgan namoyishda ishtirok etdi. Shuningdek, ular yaqinda Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi chegaraning delimitatsiya va demarkatsiya qilinishiga qarshi chiqdi, u bilan to‘rt qishloq Boku nazoratiga o‘tkazildi.

Norozilik aksiyasi rahbari Tavush yeparxiyasi rahbari arxiyepiskop Bagrat Galstanyan edi. U Arman Apostol cherkovi rahbari katolikos Garegin II dan siyosiy kurashda ishtirok etish niyati tufayli uni xizmatdan chetlashtirishni so‘radi. O‘sha kuni «Vatan uchun Tavush» muxolifat harakati uni mamlakat bosh vazirligiga nomzod qilib ko‘rsatdi. Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan mitingda so‘zga chiqqan Galstanyan Pashinyandan «madaniy yo‘l bilan» iste’foga chiqishni talab qildi va bu bosh vazirning so‘nggi imkoniyati ekanligini ta’kidladi.

Xabar qilinishicha, namoyishchilar shaharning markaziy maydonidan Armaniston bosh vaziri qarorgohigacha piyoda borgan. Shu bilan birga, bosh vazir apparati rahbari o‘rinbosari Taron Chaxoyan Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozganidek, Pashinyan miting kuni Yerevanda emas, mamlakat shimolidagi suv toshqini zonasida bo‘lgan. 

Armanistonda suv toshqini

26 may kuni ertalab Armaniston ichki ishlar vazirligi mamlakat shimolidagi suv toshqinlari yo‘llar va ko‘priklarni vayron qilgani haqida xabar berdi. 230 dan ortiq odam evakuatsiya qilingan, kamida bir kishi halok bo‘lgan. Mamlakat yo‘l departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, vayronaga Debed daryosining o‘zandan chiqib ketishi sabab bo‘lgan.

Hodisa oqibatida Tbilisi va Yerevan o‘rtasidagi poyezdlar qatnovi to‘xtatilib, yirik magistral yopilgan. 

Mavzuga oid