Texnologiya | 19:45 / 16.08.2016
4465
2 daqiqa o‘qiladi

WSJ: Google kompaniyasining yuqori tezlikdagi provayderi ishonchni oqladimi?

Google Fiber yuqori tezlikdagi internet provayderini rivojlantirish sur'atlari kompaniya kutganidan sekinroq amalga oshmoqda. Shunga ko‘ra, Alphabet xoldingi (Google kompaniyasi ham uning tarkibiga kiradi) loyihani qayta tashkil etadi, deb yozmoqda The Wall Street Journal.

Google Fiber 2010-yili ishga tushirilgan edi. Vaqt o‘tishi bilan IT-korporatsiyasi rahbariyati, ushbu soha ancha qimmat va ko‘p mehnat talab qiladigan biznes ekanini tushunib yetgan. 

Google provayderni ishga tushirish uchun yuz millionlab dollar mablag‘ni sarfladi. Tashkil etilgan yangi tarmoq, Amerika provayderlarining hozirgi internet tezligidan 30 marta tezroq ulanishni taqdim etishi lozim edi. 

Biroq, Alphabet rahbariyati San-Xose va Portlendda ushbu tizimga ulanishni kechiktirishga qaror qilishgan. Bundan tashqari, Los-Anjyeles, Dallas va Chikago shaharlaridagi tizimlar faoliyati ham qayta ko‘rib chiqiladi. 

Palo-Alto shahri texnik departamenti rahbari Jonatan Reyxentalning so‘ziga ko‘ra, Google Fiber provayderining shahar va atrofida ishga tushirish muddati olti oyga kechiktirilgan.