Jamiyat | 11:00 / 10.05.2020
93400
12 daqiqa o‘qiladi

Sardobada yetkazilgan zararni to‘g‘onni qurganlar qoplab berishi kerak emasmi? Ekspert javob berdi

Nagoya iqtisodiyot universiteti professori, “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi a'zosi Alisher Umirdinov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Sardoba fojiasining sabablari va oqibatlari, aybdorlarni jazolash mexanizmi, fojiadan chiqariladigan xulosalar haqida so‘z yuritdi.

– Alisher aka, Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida yuz bergan fojiadan, buning natijasida qancha odam uysiz-joysiz qolganidan va hattoki, qo‘shnilarimiz aziyat chekkanidan xabaringiz bor.
Shunday katta loyiha pudratchiga hech qanday tendersiz topshirilganiga qanday qaraysiz? Shu paytgacha tendersiz berilgan loyihalar qayta ko‘rib chiqilishi kerak emasmi?

– Avvalambor, Sardoba fojiasi, texnogen ofat tufayli halok bo‘lgan hamyurtlarimizning oila a'zolariga o‘z hamdardligimni bildirib qolaman, shu bilan birga uylarini yo‘qotgan, aziyat chekkan hamyurtlarimiz his qilayotgan qiyinchiliklarni uzoq yurtlarda yashayotgan biz o‘zbekistonliklar ham ular kabi his qilyapmiz.  

Savolingizga keladigan bo‘lsak, gapingiz judayam to‘g‘ri. Tender o‘z nomi bilan tender. Bunday katta loyihalar iloji boricha tendersiz berilmasligi kerak, chunki xalqaro amaliyot shunday. Zotan, tender degani eng yaxshi, o‘sha ishning sohibi bo‘lgan odam tomonidan qurilishi yoki amalga oshirilishi lozim degan ma'noni anglatadi.

Shu bilan birga bir narsani unutmaslik kerakki, ba'zi holatlarda hatto rivojlangan G‘arb davlatlari orasida ham davlat qo‘ygan talablarni hamma kompaniya yoki shirkatlar ham bajara olmaydi. Shuning uchun davlatlar faqat o‘sha talablarni bajargan shirkatlar orasidangina tanlab olish huquqlariga ega bo‘lishadi.

Ammo o‘shanda ham u talablarni oldin o‘sha tenderga, o‘sha loyihaga da'vogar bo‘lgan kompaniya davlat korxonasi bo‘ladimi yoki xususiy korxona bo‘ladimi, yoki chet el firmasi bo‘ladimi, o‘sha talablarni to‘liq bajarishi, qondirishi kerak. Bunga nihoyatda katta e'tibor berishimiz kerak.

“Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi a'zosi Alisher Umirdinov

– Tender tanlovlari hamma uchun ochiq, tanlov shartlariga javob bera oladigan istalgan shirkat unda qatnasha olishi kerak, to‘g‘rimi? U qaysidir ichki guruhlar o‘rtasidagina o‘zaro taqsimlanib ketishi kerak emas-ku?!

– Albatta. Bo‘lmasa, uning legitimligi qolmaydi. Qonunlar ma'lum bir odamlar uchun emas, butun xalq uchun bo‘lishi kerak. U ochiq, hamma ko‘ra oladigan, o‘qiy oladigan, osonlik bilan tushuna oladigan bo‘lishi kerak. Ataylab noqulay, sun'iy to‘siqlar qo‘yilmasligi kerak. Bu xalqaro standart hisoblanadi.

Umid qilamanki, agar yaxshi harakat qiladigan, kerakli saboqlarni chiqaradigan bo‘lsak, O‘zbekiston bu fojiadan yana ham kuchliroq chiqadi.

Shu paytgacha tendersiz berilgan loyihalar qayta ko‘rib chiqilishi kerakmi yoki yo‘qmi? Huquqshunos sifatida aytishim lozim, umumiy qoida shuki, qonun yoki qonunosti aktlari orqaga qaytish kuchiga ega emas. Ikkinchi o‘rinda, qonunlar biznes olami, investorlar uchun ma'lum bir barqarorlikni ta'minlashi kerak. Bo‘lmasa mamlakatimizga hech kim investitsiya kiritmay qo‘yadi.

Shunday ekan, hozir allaqachon berilgan, qurilishi ketayotgan tenderlar, qurilishi bitkazilgan masalalarni yana qaytadan ko‘rish balki foydadan ko‘ra ko‘proq zararga ishlashi mumkin. Bu narsani unutmasligimiz kerak. Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra shu paytgacha qurilgan boshqa gidroinshootlar ham, katta infrastrukutura loyihalari ham qaytadan tekshirilayotgani to‘g‘ri qaror deb o‘ylayman. Ular obdon ko‘zdan kechirilishi lozim.

– Sardoba suv omborining qurilishida ishtirok etgan, qurilish ishlarini bajargan kompaniya tanlovni qanday yutgani, tenderda ishtirok etganlar qancha narx taklif etgani oshkor etilmayapti. Savol tug‘iladi: tenderda yutgan kompaniyaning taklifi eng maqbul taklif bo‘lganmi? Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Sardoba suv ombori to‘g‘oni qurilishi 404 million dollarga tushgan. Bu pulga mahobati bundan ancha katta bo‘lgan loyihalar amalga oshirilgan, juda pishiq va puxta qilingan. Bu ma'lumotlarning o‘zi ham Sardoba to‘g‘oniga oid loyiha va qurilish-smeta hujjatlarini jamoatchilikka oshkor qilish kerakligini ko‘rsatadi. Shunday emasmi?

– Men albatta qo‘shilaman. Salkam 1 millliard kub metr miqdorda suv to‘plangan mega loyiha desak bo‘ladi O‘zbekiston sharoitida. Siz aytgan miqdor agar rost bo‘lsa, chunki rasmiy manbalar buni tasdiqladimi yoki yo‘qmi, bundan xabarim yo‘q. Lekin agar bu rost bo‘lsa, bu juda katta mablag‘ni tashkil qiladi va jaydari til bilan aytganda xalqimiz cho‘ntagidan, davlat budjetidan ketgan mablag‘ hisoblanadi. Shuning uchun albatta tender hujjatlari oshkor qilinishi kerak.

Agar u yerda davlat siriga oid masala bo‘lsa, uni davlat ochmaslik vakolatiga ega. Bu bo‘yicha qonunlarimiz ham bor, ammo davlat siri degan ma'noda hamma hujjatlarni ochmaymiz deb oyoq tirash ham yaxshi emas. Chunki jamoatchiligimiz bu ishga mas'ul bo‘lgan insonlardan izoh kutyapti. Hisobdorlik degan qoida bor. Hisobdorlik qoidasiga asosan, hujjatlarni tegishli ravishda ochib, xalqimizga izoh berish, menimcha, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

– Huquqshunos bo‘lganingiz uchun quyidagi savolni beryapman.  Shaffoflik ta'minlanishi, adolat qaror topishi uchun tergov jarayoni va komissiyaning taftishi qanday tashkil etilishi kerak?

– Buni umumiy ma'noda jinoyat huquqi, jinoyat protsessual huquqi mutaxassislaridan so‘raganingiz ma'qul edi. Lekin qo‘limdan kelganicha, bilimim doirasida javob beraman. Bu jinoyat ishi bo‘lgani uchun tergovlar yopiq o‘tkaziladi. Yaponiyada ham xuddi shunday. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor.

Ammo masalani faqat prokuratura organlari, boshqa organlarga berib, tashlab qo‘ymasdan ma'lum darajada jamoatchilik nazoratini ham ta'minlash uchun tergov ishlari nihoyasiga yetganidan keyin yoki uning jarayonida misol uchun Yaponiyada alohida jamoatchilik kengashi yoki taftish komissiyalari tuziladi. Ularga ma'lum bir vakolatlar beriladi. Unga san'at arbobi yoki o‘sha sohaning eng yaxshi mutaxassislari kiradi. Bunday komissiya, qo‘mitalarni tuzgan holda ma'lum darajada jamoatchilik nazoratini ta'minlashga erishishimiz kerak. Bo‘lmasa devorlar ortida biz bilmaydigan masalalar hal bo‘lib ketishi va tarixiy imkoniyat – Sardoba fojiasidan kerakli saboqlarni ololmay qolishimiz mumkin va insonlar javobgarlikdan qochishlari mumkin.

Bosh prokuratura Sardoba fojiasi bo‘yicha bayonot berdi. Ushbu bayonotda jinoyat ishi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan olib borilishi va aybdorlarga nisbatan 2ta modda – Jinoyat kodeksining 207 va 258-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma'lum qilgan. Bu moddalarning jazo choralariga to‘xtaladigan bo‘lsak, anchagina yengil. Ushbu fojia aybdorlari uchun qonunchiligimizda ko‘zda tutilgan jazo, sizningcha, juda yengil emasmi?

– Kelib chiqqan zararni ko‘z oldimizga keltiradigan bo‘lsak, Jinoyat kodeksidagi ushbu normalarning mas'ul insonlarga tatbiq etilishi balki juda ham yengil ko‘rinishi mumkin. Lekin ruxsatingiz bilan masalaning boshqa tomoniga yondashsam.

Menda O‘zbekiston Respublikasida haligacha yuridik shaxslarning jinoiy javobgarligi yetarlicha o‘rnatilmagan degan fikr mavjud. Chunki shu montaj ishlari, pudrat ishlarini olib borgan korxonalarning bir necha mas'ullari – u o‘nta bo‘lsin, yigirmata, o‘ttizta bo‘lsin, jazolangan taqdirda ham yuz mingga yaqin inson ko‘rgan moddiy zarar, tovon qoplanadimi yoki yo‘qmi? Bu yerda asosiy masala – shu.

Vaholanki ularning mol-mulki qoplashga yetmaydi. Shunday ekan, biz asosan fuqarolar ko‘rgan moddiy zararni qoplash masalasini qo‘yishimiz kerak. Bu yerda yurtimiz qonunchiligiga haligacha kiritilmagan yuridik shaxslarning javobgarlik masalasini qonunchiligimizga qaytadan kiritishimiz kerak. Chunki bir necha yil avval qurilish-inshoot sohasida ishlaydigan korxonalarga nisbatan yuridik shaxslarning javobgarligi masalasi qonunchiligimizda bor edi. Lekin nimagadir bu narsa olib tashlandi.

Deputatlarimizga murojaat qilmoqchiman: buni yana qaytadan ko‘rib chiqishimiz kerak. Bo‘lmasa, yetarli darajada zarar ko‘rgan insonlar o‘sha yuridik shaxslardan, korxonalardan yetarli darajada tovon yoki kompensatsiya pullarini undira olmasdan sarson-sargardon bo‘lishadi. Bu oxir-oqibat yuridik shaxslarning ham javobgarlikdan qochishiga va yetarli darajada xulosa chiqarmasliklariga olib keladi deb o‘ylayman.

– Sug‘urta kompaniyalar vakillari bilan gaplashganimda suv ostida qolgan, aksariyati sug‘urtalanmagan uylarning egalariga tovon puli ham to‘lanmasligini aytishdi. Sirdaryoda nafaqat uylar, balki odamlarning yillar davomida to‘plagan mol-mulki, asosiy daromad manbai bo‘lgan ekin maydonlari suv ostida qoldi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Sirdaryodagi suv ostida qolgan mahallalar hududida 50ta ko‘p qavatli uylar quriladi. O‘sha uylardan xonadonlar uyini yo‘qotgan, tiklab bo‘lmaydigan holatga kelgan fuqarolarga kreditga beriladi. Yigirma yil mobaynida to‘lab borish kerak bo‘ladi. Falokat tabiiy ofat natijasi emas, balki texnogen fojia deb tan olindi. Bunday vaziyatda to‘g‘onni qurganlar fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni qoplab berishi kerak emasmi?

– Bu Sardoba suv omboridan zarar ko‘rgan yurtdoshlarimizga tegishli bo‘lgan nihoyatda muhim huquqiy savollardan biri hisoblanadi. Sizga shu masalada Yaponiya tajribasini tanishtirib o‘tsam.

2011 yil mart oyida Yaponiyada Fukusima atom elektr stansiyasida sunami oqibatida portlash yuz berdi va Fukusimadagi salkam 1 millionga yaqin aholi boshqa viloyatlar yoki Fukusimaning boshqa joylari, ayniqsa Tokio tomonga ko‘chib kelishga majbur bo‘ldi. Ular o‘z yerlarini, mulklarini tashlab ketishdi.

Yaponiyaning bu masala bo‘yicha 1961 yilda atom elektr stansiyalari bilan bog‘liq zararlarni qoplab berish to‘g‘risidagi alohida qonuni bor. Shu qonunga asosan Tokio atom elektr stansiyasi va zarar ko‘rgan insonlar o‘rtasidagi masalani huquqiy jihatdan hal qilish uchun alohida taftish va kelishtiruv komissiyasini tuzdi. Shu komissiya yillar davomida ish olib bordi, fermerlar, uyi vayron bo‘lgan insonlar bilan gaplashdi. Natijada shu paytgacha Kepko kompaniyasi zarar ko‘rgan insonlarga qariyb 65 mlrd AQSh dollari miqdorida tovon to‘lagan. Demak, asosiy masala insonlar ko‘rgan moddiy va ma'naviy zararlarni qoplashga qaratilgan.

Jinoiy javobgarlik masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, shu paytgacha bu masala bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan inson yo‘q. Chunki Fukusima masalasi biroz o‘ziga xos. Chunki ularda sunami 10 metrlik devordan oshib o‘tmaydi degan xulosa bo‘lgan va ba'zi olimlar uni ma'lum darajada tasdiqlashgan. Shuning uchun texnik jihatdan o‘ta murakkab ish hisoblanadi. Ammo hukumatning asosiy e'tibor bergan jihati – millionga yaqin inson zarar ko‘rgan va ularni iloji boricha asl hayotlariga qaytarish masalasini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda, 65 mlrd dollarlik zarar to‘lab berilgan.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Mavzuga oid