O‘zbekiston | 21:35 / 14.01.2021
27680
2 daqiqa o‘qiladi

«Nazorat bo‘lmagan» - Qurilish vaziri Jizzaxdagi bino qulashi sabablari haqida gapirdi

Jizzax shahridagi ko‘p qavatli binoning qulashi sabablaridan biri bu – buyurtmachi, texnik va loyihachi (mualliflik) nazorati bo‘lmaganligidir. Buning oqibatida pudratchi tashkilotning xayoli o‘g‘irlik bo‘lgan. Qurilish vaziri Botir Zokirov OAV vakillari uchun tashkil etgan matbuot anjumanida shunday bayonot berdi. 

«Jizzaxdagi masala ham (bino qurilishida) talab-me'yorlarning boshidan boshlab buzilganligi (bilan bog‘liq). Joyiga borib ko‘rdim, hayotda ko‘p binolar qurib-buzganman, ag‘anab ketganlarini ko‘rganman, lekin buzilganda bunaqa maydalanib ketganini birinchi marta(ko‘ryapman). 

Bu yerda masala nima? Nazorat bo‘lmagani uchun, tadbirkor bitta pudratchini topgan, boshidan oxirigacha uning (quruvchi) xayoli o‘g‘irlik. Texnik va loyihachi (mualliflik) nazorati bo‘lmagandan keyin quruvchining o‘zi nazorat qila olmaydi. 

Qurilish konstruksiyalarida ishlatiladigan beton markasi 250-300-400 bo‘ladi. Bu holatda beton markasi 3-4 baravarga tushirilgan. Shuning uchun ustunlarning ko‘tarish imkoni yo‘q», - dedi vazir Botir Zokirov. 

Qurilish vaziri Botir Zokirov

Vazir, shuningdek, Jizzaxda qulagan bino yonidagi tik turgan bino xususida «O‘zog‘irsanoatloyiha» tavsiyasini ham ma'lum qilib, ushbu bino qanday usulda buzilishini ochiqladi. 

«O‘zog‘irsanoatloyiha» bu binoga yaqinlashib bo‘lmasligini, 50 metr atrofini to‘sib qo‘yish zarurligini ta'kidlamoqda. Shu binoni buzish uchun 50 tonnalik maxsus yukni 40 metrga ko‘tarib, kesadigan mashina kerak. O‘zbekistonda bunday mashina yo‘q. Endi nima qilish kerak? 

Endilikda, maxsus jamoa binoning orqa tomoniga 10 ming kub (10 ming tonna) tuproq to‘kib, binoni tiraydi. So‘ngra, uni demontaj qiladi. Bu ishlarga juda katta xarajat ketadi. Uni tadbirkor to‘laydi», - dedi Botir Zokirov.

Mavzuga oid