Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sanjar Tursunov: Ukraina taomlari juda yoqadi
Ukrainaning “Vorskla” klubi va O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Sanjar Tursunov ukrainalik jurnalistlar bilan suhbatda bo‘ldi.
- Osiyodan kelgan legioner Yevropaning eng nufuzli musobaqalaridan birida ishtirok etish oldidan o‘zini qanday his qiladi?
- Hissiyotlar juda yaxshi. Yevropa ligasida o‘ynash imkoni borligini his qilish ajoyib.
- Nima deb o‘ylaysiz, jamoaga birdan moslashib ketishingizda qanday hislatingiz yordam berdi?
- Men hamma bilan tezda chiqishib ketadigan odamman, o‘zimni jamoadan tortmayman. Aynan shu asosiy sabab bo‘lsa kerak.
- Iyunda Toshkentda to‘yingiz bo‘lgan edi. Qanday qilib shuncha jamoadoshingizni to‘yga borishga ko‘ndira oldingiz?
- Bu holat yana bir bor jamoamiz qay darajada ahil va inoq ekanini ko‘rsatib beradi. Kimda imkoniyat bo‘lsa, hammasi keldi. Faqat oilaviy sabablar va pasportidagi muammolar tufayli Toshkentga bora olmaganlar to‘yimda qatnasha olmadi. Umumiy hisobda “Vorskla”dan yetti jamoadoshim mehmon bo‘ldim. Agarda ularning rafiqalari ham borganini inobatga olsak, 14-15 kishi mehmon bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin.
- Turmush o‘rtog‘ingiz ham Poltavaga keldimi?
- Ha. To‘ydan keyin u ham Ukrainaga kelgan. Poltavada unga hamma narsa yoqadi – shahar chiroyli, ukrainaliklar odamoxun.
- Rafiqangiz uchun Poltavada ekskursiya uyushtirdingizmi?
- Unga qiziqarli joylarni ko‘rsatdim. U ilgari bunday joylarni ko‘rmagan.
- Poltavada o‘zbekcha palov tayyorlay oladigan restoranlar bormi?
- Afsuski yo‘q. Kiyevdagi restoranda o‘zbekcha oshxona bor. U yerda oshni yaxshi tayyorlashadi. Ammo baribir O‘zbekistondagidek chiqmaydi. Ammo ularniki ham biroz o‘xshaydi.
- Poltavaning mashhur taomi – galushki haqida so‘ramay tura olmadik. Tatib ko‘rishga ulgurdingizmi?
- Ha, bir necha bor. Juda mazali, menga yoqdi. Poltavada Ukraina milliy taomlari tayyorlanadigan bir nechta joyni bilaman. O‘sha yerda galushki ham tatib ko‘rganman.
- Ukraina oshxonasidan yana nima sizga yoqadi?
- Borsh. Darvoqe, uni Toshkentda ham juda yaxshi tayyorlashadi. Shuningdek menga “kiyevcha kotlet” ham juda yoqadi.
- Ukraina futbolida o‘zbekistonlik legionerlar juda kamyob. Yaqinda “Goverla”dan ketgan Maksim Shatskix bilan aloqada bo‘lib turasizmi?
- Maks bilan ko‘rishganda har doim gaplashib olamiz. Oxirgi marta “Vorskla” va “Goverla” o‘rtasida kechgan uchrashuvdan so‘ng ko‘rishgan edik. Shatskix bilan uzoq yillardan buyon tanishmiz, 2011 yilga Osiyo Kubogida terma jamoada birga o‘ynaganmiz.
- Sizni “universal soldat”ga qiyoslash mumkin. Turli pozitsiyalarda o‘ynay olasiz. Ammo o‘zingizga qay biri ko‘proq qulay?
- O‘ng qanot yarim himoyasida o‘ynasam o‘zimni qulay his qilaman. Shuningdek chap qanotda ham o‘ynay olaman. Ammo murabbiylar qayerni lozim topishsa, o‘sha yerda o‘ynashga ham tayyorman. Bugungi kunda o‘zimga o‘ng qanotda o‘ynash ko‘proq yoqadi.
- Himoyada ham o‘ynab ko‘rganmisiz?
- Ha. “Chernomorets”ga qarshi kechgan bahsda himoyada o‘ynashga to‘g‘ri kelgandi. Jarohat va diskvalifikatsiya tufayli himoyada muammoga duch keldik. O‘shanda o‘ng qanot himoyasida o‘ynashimga to‘g‘ri kelgan.
Manba: uff.uz