Iqtisodiyot | 07:56 / 18.08.2015
5288
2 daqiqa o‘qiladi

Toyota Rossiyada Land Cruiser Prado avtomobilini chiqarishni to‘xtatdi

Sollers guruhi va Toyota kompaniyasi Rossiyada Land Cruiser Prado avtomobilini ishlab chiqarish bo‘yicha shartnomani bekor qildi. Avtomobil Rossiyaning “Sollers-Dalniy Vostok” kompaniyasining Uzoq Sharqdagi ishlab chiqarish maydonchalarida boshqa ishlab chiqarilmaydi, deb xabar bermoqda Sollers vakiliga iqtibos keltirgan holda TASS axborot agentligi.

Qayd etilishicha, Land Cruiser Prado’ning Vladivostokda ishlab chiqarilishi joriy yilning iyul oyida to‘xtatilgan. Endi mashina faqatgina eksport qilinadi. Sollers’da aytilishicha, avtomobilni yana ishlab chiqarish uchun yangi shartnoma kerak bo‘ladi. Kompaniya vakili yo‘ltanlamas ishlab chiqarilgan korxonada boshqa avtomobillar, misol uchun Mazda’ning yig‘ilishi davom etaverishini qo‘shimcha qildi.

Toyota 17 avgustda Rossiyada Yaponiyaning Toyota Tahara zavodida ishlab chiqariluvchi Land Cruiser Prado’ning yangilangan versiyasi chiqishini ma'lum qildi.

Yevropa biznes uyushmasi ma'lumotlariga ko‘ra, Toyota 2015 yilning 7 oyi ichida Rossiyada sotiladigan avtomobillari sonini 37 foizga, ya'ni 56,7 ming mashinagacha kamaytirgan.

Sollers guruhi “UAZ”, SsangYong va Isuzu avtomobillarini ishlab chiqaradi. Shuningdek, qo‘shma korxonada Ford (Vsevolojsk, Naberejniye Chelni va Yelabugda) va Mazda (Vladivostokda) mashinalari yig‘iladi. Guruh tarkibiga Ulyanov avtomobil zavodi, Zavoljye motor zavodi va “Sollers-Dalniy Vostok” kompaniyasi kiradi.