Jamiyat | 18:01 / 16.09.2015
27821
4 daqiqa o‘qiladi

Sahnadan hayotga ko‘chgan muhabbat

“Darakchi” nashri O‘zbekiston san'ati juftliklarining o‘ziga xos reytingini tuzib chiqdi. Undan o‘rin olgan juftliklarning asosiy jihati shundaki, ular bir-biri bilan sahnada tanishgan.
Quyida ushbu reytingni keltirib o‘tamiz:


1. O‘zbekiston xalq artisti Lutfulla Sa'dullayev va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulchehra Sa'dullayeva haqida so‘z borganida, barchaning ko‘z o‘ngida O‘tkir Hoshimov asari asosida suratga olingan “Bahor qaytmaydi” videofilmidagi Alimardon To‘rayev va Muqaddam keladi.
“Bu rolni ijro etganimda 31 yoshda bo‘lib, bir o‘g‘il, bir qizning onasi edim”, - deydi aktrisa. Bu ikki san'atkor teatrdagi 46 yillik faoliyati davomida juda ko‘p bor partnyor bo‘lishgan.


2. O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov rafiqasi Tojibar Azizova bilan instituda birga o‘qigan. “Bir-birimizni rashk qilmaganmiz, deya olmayman. Lekin ishonch tufayli rashkka barham berilgan. Rafiqam bilan qiyinchiliklarni birga yengib o‘ta oldik”, - deydi aktyor.

3. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Aleksandr Bekchanov va O‘zbekiston xalq artisti Mehri Bekchanova 1980 yil hozirgi O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida o‘qib yurgan kuzlari tanishishgan.

“Mehrixonni bir ko‘rishda sevib qolganman”, - deydi Aleksandr Bekchanov. Bu juftli k 1985 yili oila qurgan. Ular ikki farzandga va bir nabiraga boshchilik qilib kelmoqda.


4. Sevinch Mo‘minova va Sharof Muqimovlarning oila qurishi esa shou-biznes vakillari uchun ham, muxlislar uchun ham kutilmagan voqea bo‘lgan.
“Turmush o‘rtog‘im avvalo yuragi toza inson. Shuningdek, oilasi ham juda namunali oilalardan. San'atkorni faqat san'atkorgina tushunishi va his qilishi mumkin. To‘ydan oldin bir-birimizni yaqindan o‘rganganmiz, o‘rtamizda sof va beg‘ubor tuyg‘ular bor”, - deydi Sevinch.


5. Shohida va Mahmud Ismoilovlar ham institutda birga ta'lim olishgan. Ular avvalgi Yoshlar, hozirgi O‘zbek Drama teatrida yaqindan tanishishgan. Bir necha spektallarda birgalikda rol ijro etishgan. Ish bahona munosabatlari mustahkamlanib borgan. Mahmud Ismoilov dilidagini izhor qilishi uchun ikki yil vaqt ketgan ekan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri sevgi izhor qilmay, “Onamni uyingizga sovchilikka yuborsam maylimi?”, degan ekan. Shu tariqa 1980 yilning 4 avgustida oila qurishgan.


6. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Karim Mirhodiyev va aktrisa Sayyora Mirhodiyeva teatr sabab tanishib, sevishib oila qurishgan. Yigirma olti yildan buyon baxtli hayot kechirib kelishmoqda.


7. Taniqli san'atkorlar Jumadulla va Sadia Rametovlar talabalar turarjoyida tanishishgan. So‘ng ular do‘stlikdan sevgigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tishgan. 1981 yilning 23-24 oktabr kunlari ular oila qurishgan.


8. Xonandalar Dilso‘z va Farrux Raimov ilk bor Navoiyda o‘tgan musiqa tanlovida uchrashishgan. Biroq Dilso‘z Farruxning sevgisiga shubha bilan qaragan. Yillar o‘tib, kollejga o‘qishga kirgach, samol-alikdan boshlangan munosabat, do‘stlik rishtalari bilan, so‘ng muhabbat bilan mustahkamlanib, ular shu yili oila qurishdi.


9. Sevara Soliyeva va Ma'mur Sultonovlar kursdosh bo‘lib, ilk bor O‘zbekiston Davlat san'at va madaniyat institutiga imtihon topshirish kuni ko‘rishishgan. Ular 2013 yilning 23 oktyabirida oila qurishdi.