O‘zbekiston | 13:48 / 21.09.2015
11562
2 daqiqa o‘qiladi

Ustyurt gaz-kimyo kompleksi qurilishi oktabrda yakunlanadi

Uz-Kor Gas Chemical qo‘shma korxonasi joriy yilning oktabr oyida O‘zbekiston shimoli-g‘arbidagi Ustyurt gaz-kimyo kompleksi qurilishini yakuniga yetkazadi. Bu haqda “O‘zbekneftegaz” kompaniyasi yagona texnik siyosat bo‘limi mutaxassisi Sanjar Berdiyev axborot berdi.

“Kompleks oktabrning o‘rtalarida ishga tushiriladi. Obektdagi barcha ishlar o‘z yakuniga yetmoqda, kadrlar to‘plash davom etmoqda”, - uning so‘zlarini keltiradi RIA Novosti agentligi.
Eslatib o‘tamiz, 2008 yil fevralida "O‘zbekneftegaz" kompaniyasi Koreyaning Kor-Uz Gas Chemical Investment konsorsiumi bilan hamkorlikda Uz-Kor Gas Chemical qo‘shma korxonasini tashkil etib, Surgil koni bazasida Ustyurt gaz-kimyo kompleksi qurilishini boshladi.Konsortsium tarkibiga Kogas, Lotte va STX Energy korporatsiyalari kiradi.

Qurilish ishlari 2012 yilda boshlandi. Kompleks yiliga 4.5 mlrd kubometr tabiiy gazni qayta ishlash, 4 mlrd kubometr tovar gazi, 400 ming tonna polietilen, 100 ming tonna polipropilen va 100 ming tonna piroliz benzin ishlab chiqarish salohiyatiga ega. Loyihaning asosiy pudratchilari Koreyaning Samsung Engineering, GS Engineering va Hyundai Engineering kompaniyalaridir.

4.16 mlrd dollarlik loyihaning 2,5 mlrd dollarlik qismi xalqaro moliyaviy institutlar, 1,41 mlrd dollarlik qismi Uz-Kor Gas Chemicala ta'sischilari, 100 mln dollarlik qismi esa O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot fondi tomonidan moliyalashtirilmoqda.