Jamiyat | 21:34 / 30.09.2015
10806
2 daqiqa o‘qiladi

Ulug‘bek Rahmatullayev Aylon Kurdiyning o‘limidan ta'sirlanib yig‘ladi

O‘zbekistonlik xonanda Ulug‘bek Rahmatullayev Turkiya qirg‘oqlarida suvga g‘arq bo‘lgan 3 yoshli suriyalik qochqin bola Aylon Kurdiy voqeasidan ta'sirlanib yig‘ladi. Bu haqda u “Darakchi” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Bundan bir necha hafta oldin suriyalik Aylon ismli uch yashar bolakay surati internet orqali butun dunyoga tarqaldi. Sho‘rlik bola ota-onasi, akasi bilan urush o‘chog‘idan qochaman deb, ajalga ro‘para bo‘lgan. To‘g‘rirog‘i, otasi qayiqda ularni dengiz orqali Yevropaga olib o‘tmoqchi bo‘lganida, suvga g‘arq bo‘lgan. Ko‘p o‘tmay to‘lqinlar uning jonsiz jasadini qirg‘oqqa olib chiqib tashlagan. Bu suratni ko‘rib ichim achidi. Beixtiyor ko‘zimga yosh keldi”, - tan oldi xonanda.

“Shu surat asosida ishlangan fotokollajlarning birida murg‘ak jasad ustida yana bir bola “Rahmat, dunyo!” deb yozilgan sharni ko‘tarib turibdi... Dahshat! – co‘zida davom etdi Ulug‘bek Rahmatullayev. – Bolakay bu dunyoga kelib 3 yillik qisqa umri davomida nima ko‘rdi deysiz. O‘sha suratni ko‘rgan zahotim arzimagan tashvishlar uchun noshukurlik qilishimiz, nolishimiz bexuda ekanini, dunyoda tinchlik, xotirjamlikdan buyukroq ne'mat yo‘qligini angladim”.