Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda Janubiy Koreya madaniyati haftaligi boshlandi
Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida 19 oktabr kuni Korean week 2015 madaniyat haftaligining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni koreyalik san'at ustalari an'anaviy samulnori tomoshasi bilan boshlab berdi.
Ushbu haftalik doirasida kinofestival bilan birga bolalar va o‘smirlar uchun futbol hamda koreys xalq amaliy san'ati bo‘yicha mahorat darslari, tasviriy san'at tanlovi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Janubiy Koreya elchisi Li Uk Xon «Gazeta.uz» muxbiriga bergan intervyusida ma'lum qilishicha, bu yil Seulda ham «Buyuk ipak yo‘li»ga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi va unda Toshkentdan madaniyat vakillarining katta delegatsiyasi ishtirok etdi, bunday tadbirlar ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
«Odatda aksariyat koreys madaniyati tadbirlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Bu safar O‘zbekiston viloyatlariga ham e'tibor qaratdik. Nukus bilan Urganch tanlangani sababi yaqinda Ustyurtda o‘zbek-koreys loyihasi — Surg‘il gaz-kimyo majmuasi qurilishi yakunlangani bo‘ldi. Ushbu mintaqa aholisi loyihaga ulkan hissa qo‘shdi va biz ularga minnatdorlik izhori sifatida ushbu shaharlarni tanladik», — dedi elchi.
19-24 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Koreya kinosi kunlari «Miss buvijon» filmi namoyishi bilan boshlandi. Bundan tashqari, haftalik davomida «Arxitekturaga kirish», «Sinchkov odam», «Donmakgolga xush kelibsiz!» va «Mening sevgim, mening qaylig‘im» kabi filmlar o‘zbek tomoshabini e'tiboriga havola etiladi.