O‘zbekiston | 07:47 / 11.02.2022
1777
2 daqiqa o‘qiladi

Red Wings 14 fevraldan Yekaterinburgdan Samarqandga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi

Red Wings aviakompaniyasi fevral oyida Yekaterinburgdan O‘zbekistonga ikkita to‘g‘ridan to‘g‘ri reysni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda «Kommersant’» xabar berdi.  

Foto: Pinterest

Qayd etilishicha, 13 fevraldan aviatashuvchi Urganchga, 14 fevraldan esa Samarqandga parvozlarni boshlaydi. Bu Kolsovo aeroportidan birinchi muntazam xalqaro reyslar bo‘ladi, deyiladi aviakompaniya matbuot xizmati xabarida.
 
Parvozlar 100 o‘rinli Sukhoi Superjet samolyotlarida amalga oshiriladi. Samolyotlar dushanba kuni Samarqandga, yakshanba kuni esa Urganchga uchadi. 

«2021 yildan beri Red Wings Yekaterinburgdan O‘zbekistonning yirik shaharlariga parvozlarni yo‘lga qo‘ygan, biroq bu charter reyslar bo‘lib, o‘rindiqlarni erkin sotmasdan bir mijoz manfaatlarini ko‘zlab amalga oshiriladi», — deyiladi kompaniya xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, bu charter dasturi muntazam reyslarni amalga oshirish bilan parallel ravishda davom etadi. 

Avvalroq, 2022 yilda Red Wings Yekaterinburgdan Boku (Ozarboyjon), Yerevan (Armaniston), Olmaota, Nur-Sulton (Qozog‘iston) va Belgrad (Serbiya)ga xalqaro reyslarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabarlar tarqalgan edi. 

Umuman olganda, joriy yilda aviakompaniya 30 ta xalqaro va mintaqaviy yo‘nalishlarga parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirgan. 

Mavzuga oid