O‘zbekiston | 19:42 / 16.12.2015
20421
2 daqiqa o‘qiladi

Tadqiqotchi: Orol dengizini tiklash imkoniyati mavjud

Orol dengizi 24 ming yil oldin yuzaga kelgani aytildi. Holbuki, o‘tgan asr oxirida olimlar dengiz uzog‘i bilan 10 ming yil oldin paydo bo‘lganini aytishar edi.

Xalqaro olimlar guruhi tomonidan 13 yil davomida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida Orol dengizining yoshi aniqlandi. Bu haqda "Telegraf.uz" nashri «Nauka v Sibiri» jurnaliga asoslanib, xabar berdi.

Geologiya va mineralogiya fanlari doktori, rossiyalik tadqiqotchi Sergey Krivonogovning aytishicha, dengizni tiklash imkoniyati mavjud. Buning uchun suv havzasiga qo‘shimcha suv berish talab etiladi. Har yili, hech bo‘lmaganda, 20 kilometr kub suv bilan to‘ldirilganda ham, u kengaya boshlaydi. Bundan tashqari, uning tiklanishi iqlim va tektonik ta'sirlar, masalan, yerosti suvlarining kelishiga ham bog‘liq hisoblanadi.

Loyiha doirasida, tadqiqotchilar suv havzasi cho‘kindilarini yuza qismidan eng quyi qismigacha burg‘u yordamida kovlab, cho‘kindi jinslardan namuna oldi. Olingan namunalarni o‘rganish orqali olimlar Orol dengizining 20—24 ming yil avval paydo bo‘lganligini aniqlagan. 

Shuningdek, undagi o‘zgarishlar haqida aniq ma'lumotlar qo‘lga kiritilgan. 

Xulosa qilinishicha, Orol dengizi o‘z tarixida kamida to‘rt marta yo‘qolib, yana qayta tiklangan. Ya'ni, dengiz bilan bugungi kunda yuz berayotgan holat birinchi marta sodir bo‘lmadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish