Texnologiya | 20:03 / 08.01.2016
3855
2 daqiqa o‘qiladi

Audi avtomobillari haydovchi ahvolini kuzatadi

Audi kompaniyasi Las-Vegasdagi CES iste'molchilik elektronikasi ko‘rgazmasida kelajakdagi avtomobil intereri kontseptini namoyish qildi. Kompaniya u uchun o‘zining modulli multimedia platformasining yangi avlodini qo‘lladi. Bu yangi platforma imo-ishoralarni anglash tizimi, aqlli soatlar bilan o‘zaro harakatlanish va haydovchining ahvolini kuzatish imkoniyati bilan jihozlandi.

Kompaniya kontsept uchun yangi elektron asboblar panelini yaratdi, ya'ni 14,1 dyuymli AMOLED-ekran ishlab chiqdi. Markaziy konsol yana ikkita displeydan iborat bo‘lib, ulardan yuqorigisi odatda multimediani boshqarish va navigatsiya, pastkisi iqlim nazorati uchun javob beradi. Majmua avtomobil va infratuzilma obektlari bilan “muomala qilish” tizimini oldi. Tizim shu evaziga yo‘nalishda oldindagi muammolar haqida ogohlantirish, biror joyni aylanib o‘tish yo‘nalishini tanlash va svetoforlarning ishini nazorat qilib, oldindan yashil chiroqning yoqilishiga qancha vaqt qolganini ko‘rsatishi mumkin.

Bundan tashqari, tizim fitnes-brasletlar yoki puls o‘lchagich bilan jihozlangan “aqlli soatlar” bilan birga ishlashga va haydovchining ahvolini kuzatishga qodir. Agar xavf tug‘ilsa, elektronika boshqaruvni o‘ziga olishi va xavfsiz to‘xtashni amalga oshirishi hamda shoshilinch xizmatlarga yordam haqida signal yuborishi mumkin.

Elektronika haydovchining nafas olishi sur'ati va terisi harorati bilan birga transport oqimi zichligi, ob-havo va yurish uslubini kuzatishi hamda olingan ma'lumotlarni tahlil qilib, barcha tizimlarning ishini haydovchi kayfiyatiga sozlashi mumkin. Misol uchun, tizim dam olish uchun to‘xtash, intererning atmosfera yorug‘lanishi rangini o‘zgartirish, boshqa musiqani taklif qilishi yoki o‘rindiqlar massajini ishga tushirishi yoxud iqlim nazorati sozlamalarini o‘zgartirishi mumkin.

Bu funksiyalar kelajakda seriyali avtomobillarda paydo bo‘lishi kutilmoqda.