Jamiyat | 09:54 / 11.01.2016
7732
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada Voyaga yetganlar kuni nishonlanmoqda

Yaponiyada har yili yanvar oyining ikkinchi dushanbasida an'anaviy davlat bayrami – Voyaga yetganlar kuni ("Seydzin no Xi") keng nishonlanadi.

Bu yilli bayram bugun, 11 yanvar kuni nishonlanmoqda. Minglab 20 yoshni qarshi olgan qiz va yigitlar erta tongdan milliy liboslarga burkangan holda yaqin atrofdagi ibodatxonalarga yo‘l olib, shu munosabat bilan bo‘lib o‘tadigan ommaviy saylda ishtirok etishadi.

TASS xabariga ko‘ra, bu kuni yosh yapon qizlari bugun hashamatli liboslar va soch turmaklari bilan ham o‘zaro bellashishadi. Odatga ko‘ra, bayramda qizlar yengi hattoki yerga qadar tushib turuvchi qishki kimanolarda tashqariga chiqishlari shart. Mazkur andaza "furisode" nomini olgan.

Rang-barang kimanolar sababli yanvar bayramini ekzotik kapalaklar parvoziga ham o‘xshatishadi. Yigitlar esa ushbu bayramga vazminlik bilan yondashishadi va oddiygina kimanoni kiyib, egnilariga maxsus “xaori” yengsiz bayramona ust kimini tashlab olishadi.

 

Yapon qonunchiligiga binoan, endilikda ushbu yoshlar qonun oldida to‘liq javobgar sanalib, saylovlarda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lishadi. Ular bank va savdo shartnomalarini tuzish, ko‘chmas mulk bilan turli operatsiyalarni amalga oshirish, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste'mol qilish huquqini ham qo‘lga kiritishadi.
Mazkur bayram to‘g‘risidagi ma'lumotlar 714 yilgi tarixiy manbalarda ham keltirib o‘tilgan.