Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda Milliy bog‘lar va qo‘riqxonalar kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
Kecha O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida “11 yanvar - Milliy bog‘lar va qo‘riqxonalar kuni”ga bag‘ishlangan “O‘zbekiston: muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimi” mavzuidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita rahbarlari tadbirni ochar ekan, mazkur sana bilan ishtirokchilarni qutladilar. Ta'kidlanganidek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimi o‘simlik va hayvonot dunyosining ko‘plab, shu jumladan, yo‘qolib borayotgan vakillarini saqlab qolish hamda tiklashda hal qiluvchi o‘ringa ega.
Qo‘riqxonalar haqli ravishda olimlar uchun keng ko‘lamli ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazishlari uchun tabiat labaratoriyalariga aylandi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusida barqaror rivojlantirish - barcha bosqichlarda, shu jumladan, mazkur hududlar faoliyatining holatini nazorat qilishga mas'ul barcha tegishli idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar uchun muhim vazifa hisoblanadi.
O‘zbekistonning muhofaza etiladigan tabiiy hududlari, ularning bugungi kundagi holati to‘g‘risidagi taqdimot bilan qo‘mita Davlatbionazorati boshlig‘i v.b. G‘ayrat Muxamedov so‘zga chiqdi.
Ma'ruzachi ta'kidlaganidek, 2004 yilda qabul qilingan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, respublikada muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning 7 ta toifasi mavjud - davlat qo‘riqxonalari, majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalari, tabiat bog‘lari, davlat tabiat yodgorliklari, ayrim tabiiy obektlar va majmualarni saqlab qolish, takror ko‘paytirish va tiklash uchun mo‘ljallangan hududlar, muhofaza etiladigan landshaftlar, ayrim tabiiy resurslarni boshqarish uchun mo‘ljallangan hududlar.
Xabar berilishicha, bugungi kunga kelib, 8 ta qo‘riqxona, 2 ta tabiat milliy bog‘i, 1 ta Quyi Amudaryo biosfera rezervati, hayvonlarning noyob turlarining ko‘paytirishga ixtisoslashgan "Jayron" ekomarkazi va 7 ta tabiat yodgorligi huquqiy davlat maqomiga ega. Shuningdek, mazkur bosqichda "Saygachiy" majmua buyurtma qo‘riqxonasiga huquqiy maqom berish bo‘yicha tegishli hujjatlarni kelishish ishlari olib borilmoqda. Uning maqsadi - sayg‘oqlar populyatsiyasini saqlab qolishdir.
O‘zDJTU talabasi Shohsanam Isoqjonova tayyorladi.