Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gulbahor Erqulova o‘zi va Abduhoshim Ismoilov haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritdi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova 18 yanvar kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi shaxsiy sahifasida “Bugun men uchun eng baxtli kun”, – deya xabar qoldirgan.
Uning yozishicha, xonanda 1 yillik tanaffusdan so‘ng yana Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansamblida faoliyatini boshlagan. Xonanda shu bugunga qadar bo‘lgan intervyularda 5 yildirki ansambldagi faoliyati qil ustida turgani, ansambl rahbari, O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov bilan kelishmay qolganini aytib, 2015 yilda ishdan bo‘shatilganini aytgan edi. “Qalampir.uz” masalaga oydinlik kiritish, Erqulovaning ishga qaytishi sabablarini bilish maqsadida u bilan bog‘landi.
"Ha, jonajon ansamblimga qaytganim rost. Shu kun kelishiga ishonardim, yuragimda ustozlarimga, ansamblimga, maqom qo‘shiqlarimizga bo‘lgan muhabbat so‘nmagan. U bugun yanada alanga oldi. O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov ishga chaqirganlarida, avvaliga hayron qoldim. Xonaga olib kirib, majlis o‘tkazdilar, Gulbahorning o‘rni shu ansamblda, boshqacha bo‘lishi mumkin emas dedilar. To‘g‘risi, men shu bugungacha ansamblimga, ustozlarimning o‘gitlariga xiyonat qilmadim. Ulardan doim xabar olib, yo‘qlab turdim. Ansambldagi yosh qizlar loaqal bir marta yo‘qlashmaganidan ranjigan edim. Mayli hammasi ortda qoldi.
Abduhoshim Ismoilovdan minnatdorman. O‘rtamizdagi gina-kudratlar, mayda gap-so‘zlarga qaramasdan yana ishga chaqirdilar. Eski gaplarni eslaganlari ham yo‘q. Xatolar, kelishmovchiliklar o‘tgan yillarda qolib ketdi. Ikkimiz ham nima o‘tganini o‘zimiz bilamiz. Buni odamlarga oshkor etishdan, eski gaplarning ortidan yurib, falonchi bu dedi, anavinisi boshqa gap aytdi, deyishdan foyda yo‘q. Eng muhimi men bugun o‘z o‘rnimda, ansamblimdaman.
Bugunning gapi, ertaga to‘g‘ri kelmaydi. Qachonlardir ansamblim, Abduhoshim aka bilan darz ketgan munosabatlarimiz haqidagi intervyularim rosa shov-shuv bo‘lib, yana yangi g‘iybatlarga sabab bo‘lyapti. Men buni istamagan bo‘lardim. OAV vakillari biror narsani ommaga taqdim etishdan avval hozirgi vaziyat qandayligini inobatga olishlarini, eski gaplarni qo‘zg‘amasliklarini so‘ragan bo‘lardim", deydi sayt savollariga javoban O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova.