Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Yulduzlar jangi”ning sakkizinchi epizodi namoyishi 2017 yil dekabriga qadar qoldirildi
“Yulduzlar jangi” kinosagasining sakkizinchi epizodi 2017 yil 15 dekabrda katta ekranlarda namoyish etiladi. Bu haqda Walt Disney kompaniyasi saytida xabar qilindi. Stsenariy muallifi va kartina rejissyori Rayan Jonson shu yilning fevralida Londonda tasvirga olish ishlariga kirishadi.
Premeraning yetti oyga surilishi yettinchi epizodning favqulodda muvaffaqiyatga erishgani bilan izohlandi. Avvaliga navbatdagi film 2017 yilning 26 mayida namoyish qilinishi rejalashtirilgan edi.
2016 yil dekabrida “Yulduzlar jangi: Quvg‘in” filmining premerasini o‘tkazish rejalashtirilgan. Spin-off (muvaffaqiyatga erishgan kino epizodlaridan foydalanilgan boshqa badiiy ijod namunasi) yaratuvchilari kartina kinosaganing navbatdagi barcha filmlariga qaraganda real hayotga yaqinroq bo‘lishiga va'da berishmoqda.
Dekoratsiyalar va qahramonlarning tashqi qiyofasi ustida ishlagan dizayner Nil Skanlanning qayd etishicha, yangi tasmaning haqiqatga yaqinligi droidlar va o‘zga sayyoraliklar tasvirini yuqori darajaga olib chiqilgani ta'minlaydi.
“Quvg‘in”da tasvirlanadigan voqealar “Sitxlar intiqomi”dan “Yangi umid”gacha bo‘lgan hodisalar (uchinchi va to‘rtinchi epizodlar)ni o‘z ichiga oladi. Bosh qahramonlar “O‘lim yulduzlari” chizmalarini o‘g‘irlash uchun birlashgan kurashchilar bo‘ladi. Yanvar oyida ayrim G‘arb OAVlari spin-offda Dart Veyderning chiqishini ham ma'lum qilishgan edi, ammo bu hozircha tasdiqlangani yo‘q.