Texnologiya | 19:57 / 21.01.2016
3966
2 daqiqa o‘qiladi

Hyundai’ning hashamatli subbrendi BMW M4 avtomobiliga raqobatchi bo‘ladigan kupeni chiqaradi

Hyundai kompaniyasi yangi kupe ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu BMW M4 avtomobiliga raqobatchi bo‘lishi kutilmoqda.

Car and Driver nashrining yozishicha, bu yangi avtomobil Hyundai markasining Genesis shohona subbrendi ostida ishlab chiqariladi.

Bu mashinani ishlab chiqarish bilan N Performance bo‘limi shug‘ullanadi. Sportkar Genesis G70 modelining ikki eshikli modifikatsiyasi bazasida quriladi, u «kupe» kuzovi bilan ham, sedan ko‘rinishida ham taklif etiladi. To‘rt eshikli modifikatsiya bilan ta'minlanadigan modelning BMW M3 xaridorlari e'tiboriga tushishi kutilmoqda.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, G70 kupesi va sedaniga Genesis G90 sedanida birinchi marta qo‘llanilgan yangi 3,3 litrli olti silindrli tvin-turbo dvigatelining kuchaytirilgan versiyasi o‘rnatiladi. Flagman modelida sakkiz pog‘onali «avtomat» bilan mos tushuvchi ushbu motor 370 ot kuchini beradi.

BMW M3 va M4 avtomobillari 3 litrli 6 silindrli dvigatel, 431 ot kuchiga ega. 4,1 soniyada 100 km tezlikka erishadi. Uning maksimal tezligi soatiga 250 km.