Sport | 09:22 / 26.01.2016
2831
2 daqiqa o‘qiladi

Andrey Shevchenko Ukraina terma jamoasi murabbiylar shtabida ishlaydi

Kiyevning "Dinamo" hamda Milanning "Milan" jamoalarida yorqin futbolchilik faoliyatini o‘tkazgan sobiq futbolchi Andrey Shevchenko Ukraina milliy terma jamoasi murabbiylar shtabida ish boshlashga rozilik bildirdi. Bu haqda Matchday.ua portalida xabar yozilgan.

Manbaning yozishicha, Shevchenko Ukraina futbol federatsiyasidan va bosh murabbiy Mixail Fomenkodan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha taklif olgan.

Fomenkoning federatsiya bilan yangi shartnomasiga murabbiylar shtabida o‘zgarishlar amalga oshirilishi haqidagi band bo‘lgani aytilgan. Shevchenkoni taklif etish g‘oyasi aynan Fomenkodan chiqqan.

39 yoshli Shevchenkoning 2016 yilgi Yevropa chempionatida ishtirok etadigan Ukraina terma jamoasi murabbiylaridan biriga aylangani haqida yaqin vaqtlar ichida rasman ma'lum qilinadi.

Shevchenko ayni vaqtda Fomenkoning yordamchisi bo‘lgan Aleksandr Zavarovning o‘rnini egallashi kutilmoqda. Zavarovning kelajagi haqida ma'lumot yo‘q.

"Dinamo", "Milan" va "Chelsi" jamoalarining sobiq hujumchisi bo‘lmish Andrey Shevchenko 2012 yilda, 35 yoshdaligida futbolchilik faoliyatini yakunlagandi. U 2014 yilda murabbiylik kurslarini bitirgandi.

Shevchenko 2004 yilda "Oltin to‘p" mukofotiga ega chiqqan.