Toshkentda maqom markazi quriladi. Budjetdan 8,8 mln dollar ajratishmoqchi
Ilmiy markazlarda zamonaviy asbob-uskunalar yetishmayotgan, 3 mingdan ortiq maktab ta'mirtalab ahvolda yotgan bir paytda, rasmiylar maqom markazi binosini qurish uchun davlat budjetidan 93 mlrd so‘m ajratishga qaror qildi.
Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida maqom markazi qurilishi uchun davlat buyurtmasiga tender e'lon qilindi. Boshlang‘ich baho – 93 mlrd so‘m.
Olmazor ko‘chasida joylashadigan markaz 400 kunda qurib bitkazilishi belgilangan. Buyurtmachi – Madaniyat vazirligining «Yagona buyurtmachi xizmati» IK.
Summaning kattaligidan (8,8 mln dollar) ko‘rinib turibdiki, ancha katta obekt qurilishi nazarda tutilgan.
O‘zbek xalqi madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy maqom san'atiga hurmatni saqlagan holda shuni ta'kidlash kerakki, ushbu 93 milliard so‘mni ayni paytda o‘zbek xalqi taraqqiyoti va hayotiy zaruriyati uchun muhim bo‘lgan boshqa soha va yo‘nalishlarga yo‘naltirish mantiqan va sog‘lom aql nuqtayi nazaridan o‘ylab qaralsa, to‘g‘ri yo‘l bo‘lardi.
Ayni paytda hamma ilmiy-tadqiqot markazlarida bir xil muammo: zamonaviy asbob-uskunalar yetishmaydi yoki umuman yo‘q. Sanoqli ilmiy muassasalarda zamonaviy ilm-fan bilan shug‘ullanish imkoniyati bor. Ko‘plab institutlarda bu juda katta muammo hisoblanadi.
Dunyoda ilm-fan va texnologiyalar jadallik bilan rivojlanmoqda. Ularning asosida fundamental fan yotadi. Fundamental fan yutuqlari amaliy tadqiqotlarga ko‘chadi va innovatsion loyiha sifatida tatbiq etilishi o‘rganilib, yakunlanadi. Bu uch muhim jarayon bizda boshidayoq uzilib qoladi, chunki fundamental muammolar yetarli o‘rganilmaydi. Fundamental fansiz uning keyingi bosqichlarini gapirish foydasiz.
Respublikaning iqtisodiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda, ilm-fan tadqiqotlarining o‘ta muhimlari tanlab olinadi, moliyaviy jihatlariga qarab loyihaning nechadir foizidan voz kechishga ham to‘g‘ri keladi. Bu bor narsa, tan olish kerak.
Yoki ilm-fandan oldin bazaviy ta'lim – maktablarga to‘xtalsak. Birgina faktga diqqat qaratish kifoya: bugungi kunda O‘zbekistondagi 3 mingdan ortiq maktab ta'mirtalab. Sinflarda o‘quvchilar soni belgilanganidan ko‘p. Maktablarning 70 foizida o‘qish ikki smenada olib borilmoqda.
Endi maqomchilik saroyi masalasiga qaytadigan bo‘lsak, o‘zbek maqom san'atini chuqur o‘rganib, o‘ziga xos ijro maktablari va an'analarni yangi bosqichda ravnaq toptirish uchun 400-500 kv.m.dan iborat 2-3 qavatli markaz qurilsa ham bo‘ladi, nazdimizda. Va ushbu markaz davlat budjetiga 5-6 milliard so‘mga tushishi mumkin.
Boshlang‘ich qiymati 93 milliard so‘mga baholangan bu markazning qurilish xarajatlari davlat budjetidan qoplanishi hisobga olinsa, bu borada soliq to‘lovchilar fikri bilan hisoblashish kerakligi oydinlashadi.
Va afsus bilan ta'kidlashimiz kerakki, budjet pulini qayerga sarflash masalasida soliq to‘lovchilar bilan yetarlicha hisoblashilmayotgani yangi davrda ham asosiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.
Doston Ahrorov
Mavzuga oid
13:32 / 22.11.2024
Duma 2025 yilgi budjetni urushga rekord xarajatlar bilan qabul qildi
13:44 / 21.11.2024
2025 yilda budjet taqchilligi qanday qoplanadi?
12:06 / 16.11.2024
“Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri zavod bilan ishlaymiz”: Toshkentda 16 kunlik firma odamlarni “halol lizing”ga mashina olib berishga ishontirmoqda
16:21 / 11.11.2024