O‘zbekiston | 10:21 / 13.11.2018
7065
4 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlar faoliyatidagi tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi ishga tushiriladi

Foto: Pixabay

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Bosh prokuraturaning “Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjati loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, nazorat qiluvchi organlarning markaziy mahkamalari va hududiy bo‘linmalari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar Yagona tizimda majburiy tarzda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Yagona tizim to‘liq ishga tushirilgunga qadar tekshiruv o‘tkazishni kelishish bilan bog‘liq bo‘lgan yozishmalar o‘rnatilgan tartibda qog‘oz shaklida rasmiylashtiriladi.

Nazorat qiluvchi organlar va vakolatli organ o‘rtasidagi davlat siri bilan bog‘liq bo‘lgan tekshiruvlarni o‘tkazishga oid axborot almashinuvi davlat sirlarini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi hamda bunday tekshiruvlar haqidagi ma'lumotlar Yagona tizimga kiritilmaydi.

Nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimi Yagona tizimda ttt.prokuratura.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

Nazorat qiluvchi organlarga Yagona tizimga kirish uchun login va parol Bosh prokuratura tomonidan axborot xavfsizligi talablariga muvofiq beriladi va alohida muhrlangan konvertda yuboriladi.

Login va parollar reyestri Bosh prokuraturaning soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tomonidan yuritiladi.

Nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimi Yagona tizimda ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng Bosh prokuratura boshqarmasi uning ma'lumotlarini tizim ichida tasdiqlaydi.

Yagona tizimda ro‘yxatdan o‘tkazishni tasdiqlash bir ish kuni davomida amalga oshiriladi. Nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimi Yagona tizimda bir marotaba ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Tekshiruv o‘tkazishni kelishish uchun nazorat qiluvchi organ tomonidan Yagona tizimga tegishli ma'lumotlar kiritiladi.

Tekshiruvlarni o‘tkazishga oid buyurtmalar vakolatli organ tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Vakolatli organning mas'ul xodimi tekshiruvlarni o‘tkazishga oid buyurtma va unga ilova qilingan hujjatlarning belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishini tashkil etadi.

Buyurtma uch ish kuni ichida, favqulodda holatlar bo‘yicha bir ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Tekshiruv o‘tkazishni kelishish haqida qaror qabul qilinganda vakolatli organning mas'ul xodimi tomonidan Yagona tizimda noyob raqam (kod) asosida “Ruxsat berilsin” maqomi tanlanadi.

Yagona tizimga tekshirish o‘tkazishga oid ma'lumotlar vakolatli organning qarorida belgilangan shartlarga (tekshirish muddati, tekshiriladigan masala
va boshqalar) muvofiq kiritiladi.

Tekshiruv o‘tkazishni rad etish haqida qaror qabul qilinganda vakolatli organning mas'ul xodimi tomonidan uning aniq sababi ko‘rsatilgan holda “Rad etilsin” maqomi tanlanadi.

Rad etish sabablari bartaraf etilib, ma'lumotlar talablarga moslashtirilganda tekshiruvlarni o‘tkazish uchun buyurtma yangidan rasmiylashtiriladi.

Yagona tizimda buyurtma ro‘yxatdan o‘tkazilib, tekshiruv uchun noyob raqam (kod) olingandan keyin nazorat qiluvchi organ tomonidan tadbirkorlik sub'yekti faoliyatida tekshiruv o‘tkazish tashkil etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid