O‘zbekiston | 18:35 / 16.03.2017
20169
7 daqiqa o‘qiladi

Tez tibbiy yordam xizmati tizimi isloh qilinadi

16 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni e'lon qilindi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, bugungi kunda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishning samaradorligi hali zamonaviy talablarga javob bermayapti.

«Tez tibbiy yordam xizmatlarining malakali kadrlar, dori vositalari, tibbiyot uskunasi, ixtisoslashtirilgan avtotransport va aloqa vositalari bilan ta'minlanganligi darajasi yetarli emasligicha qolmoqda. Kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishni boshqarish, muvofiqlashtirish va nazorat qilishning zamonaviy mexanizmlarini, shuningdek, shoshilinch tibbiyot sohasida mahalliy ilmiy-amaliy ishlanmalarni joriy etishga yetarlicha e'tibor berilmayapti», deyilgan farmonda.

Shoshilinch tibbiy yordamning tezkorligini, texnologikligi va samaradorligini tubdan kuchaytirishga, aholiga o‘z vaqtida malakali shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha davolash, ilmiy-metodik va ta'lim ishlarining butun kompleksini eng yuqori darajada tashkil etishga yo‘naltirilgan aholiga shoshilinch tibbiy yordam berish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida quyidagilar shoshilinch tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirishning muhim yo‘nalishlari etib belgilangan:
mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh qilishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan va malakali kadrlar bilan butlangan shoshilinch tibbiy yordam berishning zamonaviy, yuqori texnologik va samarali tizimini shakllantirish; 

shoshilinch tibbiyot sohasida ilmiy, metodologik va ta'lim salohiyatini har tomonlama rivojlantirish, ushbu maqsadlarda xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda tez tibbiy yordamning respublika xizmatlari faoliyatiga ilg‘or texnologiyalarni va ish uslublarini joriy etish; 

shoshilinch tibbiy yordam tizimida aholi orasida o‘lim va nogironlikni pasaytirishga yo‘naltirilgan zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalarini, diagnostika vositalari va usullarini, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamni va kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarni davolashni keng qo‘llash; 

shoshilinch tibbiyot sohasida profilaktika, diagnostika va davolash usullari va texnologiyalarini kuchaytirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish, tavsiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish; 

zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash asosida shoshilinch tibbiy yordam xizmatlarining boshqa vazirliklar va idoralarning shoshilinch xizmatlari bilan o‘zaro tezkor hamkorligining samarali mexanizmlarini joriy etish; 

shoshilinch tibbiy yordam sohasida tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish. 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tizimining tezkorlikning zamonaviy jahon talablariga, yuqori texnologikligi va samaradorligiga muvofiq kechiktirib bo‘lmaydigan va tez tibbiy yordam xizmatini o‘z ichiga oladigan yagona tashkiliy tuzilmasini tashkil etiladi.

Tez tibbiy yordamning ko‘chma brigadalari faoliyatini tezkorlik bilan muvofiqlashtirishni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va "O‘ztransgaz" aksiyadorlik kompaniyasining shoshilinch xizmatlari bilan o‘zaro hamkorlikni ta'minlaydigan ma'lumotlar uzatishning yagona bazasini va tarmog‘ini tashkil etgan holda shoshilinch tibbiy yordamni boshqarishning axborot tizimi joriy etiladi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi va uning hududiy filiallarining ma'lumotlarni uzatishning yagona tarmog‘iga birlashtirilgan hamda respublikaning barcha hududi bo‘yicha tez tibbiy yordam chaqiriqlarini qabul qilish va qayta ishlashni ta'minlaydigan muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari tashkil qilinadi.

2017-2020 yillarda 240ta obekt mukammal ta'mirlanadi va 369ta obekt joriy ta'mirlash yo‘li bilan tez tibbiy yordam xizmati binolari va xonalarining moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlanadi. 

Tez tibbiy yordam ko‘chma brigadalarini tasdiqlangan normativlarga muvofiq dori vositalari, tibbiyot buyumlari va sarflash materiallari bilan bosqichma-bosqich ta'minlash, shu jumladan, ushbu maqsadlar uchun 2017 yilda moliyalashtirish hajmi kamida 2 baravar ko‘paytiriladi.

Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining tez tibbiy yordam ko‘chma brigadalari Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining hududiy filiallari orqali dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan markazlashtirilgan tartibda ta'minlanadi.

2017 yilda 1200ta ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalari sotib olish yo‘li bilan tez tibbiy yordam xizmati, shu jumladan, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining avtoparkini yangilanadi, 2017 yil 1 apreldan boshlab tez tibbiy yordam xizmatining ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalariga texnik va servis xizmati ko‘rsatishni ularni tegishli hududiy ixtisoslashtirilgan avtobazaga berish yo‘li bilan hududiy darajada markazlashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Xonobod shaharchasidagi 5-uy manzilida joylashgan Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi negizida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent viloyati filialini tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu farmon bilan belgilangan vazifalardan kelib chiqib tez tibbiy yordam xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi to‘g‘risidagi nizomni bir hafta muddatda ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi markazning va uning hududiy filiallarining muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari 2019 yil 1 yanvardan boshlab faoliyat ko‘rsatishini, shuningdek, ularning O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va "O‘ztransgaz" aksiyadorlik kompaniyasining shoshilinch xizmatlari bilan o‘zaro hamkorligi mexanizmlari joriy etilishini ta'minlashi belgilangan.

2017 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining tez tibbiy yordam stansiyasini uning tumanlardagi kichik stansiyalari bilan birgalikda yuridik shaxs maqomini saqlab qolgan holda tarkibiy bo‘linma sifatida Markazga beradi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari ehtiyojlari uchun olib kelinadigan texnologik va telekommunikatsiya uskunasi, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va dasturiy ta'minlash 2020 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi (bojxona yig‘imlari bundan mustasno). 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid